Qizilqum boyliklari – iqtisodiy salohiyat manbai
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida kaolin qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Sifatli kaolin” MCHJ korxonasi barpo etilmoqda.
Qizilqum bag‘ridagi tabiiy boyliklar, nafaqat hududning mineral-xomashyo salohiyatini namoyon etadi, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, sarmoyalarni jalb qilish va aholi bandligini ta’minlash uchun ham keng imkoniyatlar ochadi.
Bugungi kunda korxona hududida qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish maqsadida bir qator ob’ektlar yangidan qurilmoqda.
– Korxona ishga tushgach, yiliga 80 ming tonna kaolin mineral rudasini qayta ishlash imkoniyati yaratiladi, – deydi tuman hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Erkin Rasulov. Loyihaning umumiy qiymati 35 million AQSH dollariga teng bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida Germaniya, Xitoy va Ukrainadan keltirilayotgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu korxonada kaolin mineral xomashyosini qayta ishlash jarayonlarini zamonaviy ishlab chiqarish talablari asosida tashkil etish imkonini beradi.
2022-yilda boshlangan loyihaning birinchi bosqichini joriy yil oxirida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri