Energiya tejamkorligi: 9 oyda qanday natijalar qayd etildi?
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini elektr hamda issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlashda energetika korxonalari muhim o‘rin tutadi.
Jumladan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida energiya ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yoqilg‘i resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejamkorligini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligi va erishilgan ko‘rsatkichlar 2026-yilning o‘tgan to‘qqiz oyi yakunlarida ham o‘z aksini topdi. Bu haqda Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berildi.
– Bugun mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan jami elektr va issiqlik energiyasining salmoqli qismi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ elektr stansiyalari hamda issiqlik markazlari zimmasiga to‘g‘ri kelmoqda, – dedi M.Bekmuhammedov. – Jamiyat tarkibida quvvati 6,9 GVt bo‘lgan 8 ta elektr stansiyasi, quvvati 2,1 GVt bo‘lgan 1 ta boshqaruvdagi elektr stansiyasi, shuningdek, “Toshkent issiqlik markazi” tarkibidagi 9 ta issiqlik markazi faoliyat yuritmoqda.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tasarrufidagi korxonalar tomonidan 15,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, prognoz ko‘rsatkichi 108 foizga bajarildi. Shuningdek, 5,9 million gigakaloriya issiqlik energiyasi uzatilib, prognoz ko‘rsatkichi 107 foizni tashkil etdi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonida shartli yoqilg‘ining solishtirma sarfi 272,11 gramm/kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich joriy yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichidan 3,46 grammga, 2025-yilning mos davriga nisbatan esa 5,79 grammga kam.
Belgilangan energiya resurslarini ishlab chiqarish uchun o‘tgan davrda jami 3,8 milliard kub metr tabiiy gaz hamda 645,5 ming tonna ko‘mir sarflandi.
Bugun jamiyat tizimida energiya resurslarini tejash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda tizim korxonalarida energiya resurslaridan samarali foydalanish va ularni tejash ishlari ISO 50001 xalqaro standarti talablari asosida tashkil etilgan.
Mazkur standart talablari asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” bilan kelishilgan holda 2026-yilga mo‘ljallangan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 52 million kub metr tabiiy gaz va 137,7 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.
Bunda tabiiy gazni tejash bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichi 137,7 foizga, elektr energiyasini tejash bo‘yicha esa 107 foizga bajarildi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu natijalar mazkur tashkilot tizimida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmlarini ta’minlash bilan bir qatorda, yoqilg‘i resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejamkorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA