“Sharafli yo‘l” tanlovi - yoshlar uchun yangi imkoniyat
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Sharafli yo‘l” videoroliklar tanlovini e’lon qildi.
Ushbu ijodiy loyiha yosh jurnalist va blogerlarning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni zamonaviy media vositalari orqali targ‘ib etish hamda yangi avlodning Vatan taraqqiyotiga bo‘lgan munosabatini namoyon etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bugungi kunda videokontent nafaqat axborot tarqatish, balki jamiyat fikrini shakllantirishning eng ta’sirchan vositalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yoshlarning kreativ yondashuvi, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagani va yangi media imkoniyatlaridan unumli foydalana olishi ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada kuchaytirmoqda.
“Sharafli yo‘l” tanlovi ana shu salohiyatni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Tanlovda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh jurnalistlar va blogerlar ishtirok etishi mumkin. Ijodiy ishlar “Eng yaxshi videorolik”, “Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan eng yaxshi videorolik” hamda “Mobilografiya asosida yaratilgan eng yaxshi videorolik” nominatsiyalari bo‘yicha baholanadi. Bu esa tanlovning zamonaviy media tendensiyalariga mos ravishda tashkil etilganidan dalolat beradi.
Ishtirokchilar “Mustaqillik mening taqdirimda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar mamlakati”, “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” va “Mening Vatanim – mening faxrim” kabi dolzarb mavzularda videoroliklar tayyorlashlari mumkin. Mazkur yo‘nalishlar yoshlarning mustaqillik yillaridagi o‘zgarishlarga munosabati, Vatan ravnaqi yo‘lidagi orzu-intilishlari va fuqarolik pozitsiyasini ijodiy yondashuv asosida ifoda etish imkonini beradi.
Ijodiy ishlarni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga 2026-yil 20-avgustga qadar taqdim etish mumkin. Tanlovning g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida e’lon qilinadi.
O‘zA