Surxondaryoda ilk “Ona uyi” resurs markazi ochildi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahrida Surxondaryo viloyatidagi ilk “Ona uyi” resurs markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Ona uyi” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, respublikadagi to‘qqizinchi shunday muassasa hisoblanadi.
Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, nuroniylar, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari, hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, markaz og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning oiladan ajralib qolishining oldini olish hamda ularning oila muhitida voyaga yetishini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-30599]
— Markazga murojaat qilgan ayollar vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ular psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodim va boshqa mutaxassislardan zarur maslahat hamda amaliy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, - dedi “Ona uyi” xalqaro fondining O‘zbekistondagi filiali rahbari Zebo Shoislomova.
Markaz faoliyati “Bola uchun eng yaxshi joy — oila” tamoyili asosida tashkil etilgan. Bu yerda asosiy e’tibor oilani saqlab qolish, ona va bola o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash hamda ayollarning mustaqil hayotga qaytishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA