Yangi O‘zbekistonning istiqbolli islohoti
So‘nggi o‘n yillikda yurtimizda barcha sohalarga tom ma’noda yangi qon, yangi havo kirib keldi desak, adashmaymiz. Xususan, kasbga bo‘lgan yondashuv, qulay mehnat sharoitlari va albatta, sohalar vakillarining ijtimoiy mavqeining yangi darajaga ko‘tarilgani shular jumlasidandir.
Bejizga bot-bot ijtimoiy muhitning sog‘lom bo‘lishi muhimligini ta’kidlamayapmiz. Zero, aholining har bir qatlamiga layoqatidan kelib chiqib munosabat qilinmasa, jamiyatda muvozanat buzilishi kuzatilishi aniq. Shu ma’noda bugungi kunda mamlakatimizning eng rivojlangan sohalaridan biri ijtimoiy himoya tizimi desak, yanglishmaymiz. Yangi O‘zbekistonning yangicha siyosati inson qadri tamoyiliga qurilar ekan, jamiyatda tenglik va shaffoflik ortib bormoqda. Bu esa mashaqqatli mehnat va kuchli siyosiy iroda samarasi o‘laroq vujudga kelayotgani ham sir emas.
Yillar davomida aholining imkoniyati cheklangan qatlami jamiyat to‘zonidan ayri, qarovsiz qo‘rg‘onday “dardimni kim eshitarkan”, deya yashab keldi. Bugungi kunga kelib esa ularga nafaqat e’tibor, balki o‘z salohiyatlarini yuksaltirib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shish imkoniyati berildi. Endilikda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham nufuzli tashkilotlarda mas’ul vazifalarda ishlamoqda. Albatta, bunga bosqichma-bosqich islohotlar natijasida erishilmoqda.
Avvalo, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani yuqorida aytganimiz qarovsiz qo‘rg‘onni, ya’ni imkoniyati cheklanganlarni haqiqiy ma’noda o‘z qaramog‘iga oldi. Keyinchalik agentlik huzurida tashkil etilgan inson ijtimoiy xizmatlar markazi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini tizimli ravishda qamrab oldi. Bunda qarab turish xizmati, kuchli ruhiy tushkunlikka tushib qolgan ayollar va bolalarga bo‘lgan e’tibor fikrimizning isboti. Bundan tashqari nogironlikni belgilash tizimi ham tubdan takomillashtirildi. Xususan, tizim to‘liq elektronlashtirilib, ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Shuningdek, inson aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi. Umuman olganda, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yangi O‘zbekistonning istiqbolli islohotlaridan biri shubhasiz ijtimoiy himoya tizimining taraqqiy etganidir. Buning natijasida jamiyatda inklyuziv muhit sog‘lom tus olib bormoqda.
“Endi biz nogironligi bo‘lgan insonlarga moddiy yordam berish o‘rniga ularni mehnat bozoriga faol jalb etishimiz, qulay sharoitlar yaratishimiz shart”, – degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, imkoniyati cheklangan insonlar uchun eng muhimi bu ularga berilgan imkoniyatdir. Bu esa ularda hayotga, kelajakka nisbatan umid, ishonch uyg‘otishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA