Senat: yoshlarda yuksak fuqarolik mas’uliyati va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash zarur
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan Yoshlar kuni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi kursantlari parlament yuqori palatasi faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirda asosiy e’tibor yoshlarning parlament faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mazmun-mohiyati haqidagi bilimlarini yanada boyitish, yoshlarda yuksak fuqarolik mas’uliyati va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Bo‘lajak qutqaruvchilar Senat faoliyati, konstitutsiyaviy vakolatlari, qo‘mitalarining asosiy vazifalari va qonunchilik jarayonidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.
Mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, milliy xavfsizlikni ta’minlash va favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar hamda parlament nazoratining ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga senatorlardan batafsil javob oldi. Yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni davlat boshqaruvi jarayonlariga daxldorlik ruhida tarbiyalash, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etishga undash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA