Oilaga g‘amxo‘rlik yurt taraqqiyotini belgilovchi omildir
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar tomonidan oilalarning hayotiy muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularga manzilli yordam ko‘rsatish va munosib turmush sharoitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab insonlarning taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirmoqda.
Buxoro viloyatining Olot tumanidagi “Eski Olot” mahallasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ham buning yorqin namunasidir.Mazkur mahallada 3 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 141 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Mahalla ijtimoiy xodimi Zubayda Shukurova tomonidan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli va manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, nogironligi bo‘lgan 30 nafar fuqaro protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlandi. Bu esa ularning kundalik hayotini yengillashtirish, mustaqil harakatlanishi va jamiyatda faol ishtirok etishi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, mahalladagi 78 ta oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilib, ularga davlat tomonidan belgilangan ijtimoiy yordam va xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ana shunday oilalardan biri Bozorgul buvi Hoshimovaning xonadonidir. U to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazgan mehribon ona. Uning kenja qizi nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, bugungi kunda farzand tarbiyalamoqda. Oilaning ijtimoiy ahvoli mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan atroflicha o‘rganilib, ular “Ijtimoiy reyestr”ning davlat ta’minotidagi oilalar toifasiga kiritildi. Natijada oila davlat tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlardan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu bilan amaliy yordam cheklanib qolmadi. Oiladagi voyaga yetmagan Sabina Ro‘zimurodova buvisi Bozorgul buvi vasiyligiga rasmiy tarzda berildi. Hozirda 16 yoshli Sabina kelajakda oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish orzusi sari dadil qadam tashlamoqda. U “Fitrat” akademiyasi o‘quv markazida ona tili va adabiyot fanidan bepul tayyorlov mashg‘ulotlarida ishtirok etib, o‘z bilimi va salohiyatini oshirmoqda. Bu imkoniyat uning orzularini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
— Oilamiz holatini o‘rganib, bizni “Ijtimoiy reyestr”ga kiritishdi, —deydi Bozorgul buvi. — Nevaramning bepul ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyat biz uchun juda katta yordam bo‘ldi. Farzandlarimiz va nabiralarimiz kelajagi uchun qilinayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan behad mamnunmiz.

Bu kabi hayotiy misollar ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar raqamlarda emas, balki insonlar taqdirida o‘z aksini topayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bir oilaning dardiga quloq tutish, bir yoshning ta’lim olishiga ko‘mak berish yoki nogironligi bo‘lgan insonga zarur vositani yetkazib berish — bularning barchasi ezgu jamiyatning eng muhim mezonidir.
Olot tumanida ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish hamda yoshlarning ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Eng muhimi, bu xayrli sa’y-harakatlar har bir insonning hayotiga umid, ishonch va yangi imkoniyatlar olib kirib, inson qadrini yuksaltirish, oilalar farovonligini ta’minlash hamda jamiyatda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugun bir oila hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarish ertaga butun jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan ezgu qadriyatga aylanishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri