Farg‘onada yangi massivlar zamonaviy yo‘l infratuzilmasi bilan ta’minlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, aholi yashash maskanlarida zamonaviy yo‘l tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Yozyovon tumanidagi Yuqori Soybo‘yi mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida umumiy uzunligi 13,3 kilometr bo‘lgan ichki yo‘llarni qurish ishlari olib borilayapti. Loyiha “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish ishlari belgilangan reja asosida davom etmoqda.
Loyiha doirasida piyodalar yo‘laklari barpo etish, yo‘l chetlariga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatish, yer ishlarini bajarish hamda asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlarini “Farg‘ona yo‘l qurish UFK” MCHJ mutaxassislari amalga oshirmoqda.
[gallery-30446]
Korxona rahbari Mirshod Rahimovning ma’lum qilishicha, joriy yilda Yozyovon tumanidagi “Toshhovuz” yoshlar kichik sanoat zonasi hamda “Guliston-1” va “Guliston-2” kichik sanoat zonalariga olib boruvchi 4 kilometr yo‘l asfaltlandi.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi bosqichi doirasida Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy mahallasi va Toshloq tumanidagi Qumqishloq mahallasi hududida jami 7,3 kilometr ichki yo‘lda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy yo‘l-qurilish texnikalari yordamida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar hududlarda transport harakati xavfsizligi va qulayligini oshirish, aholi uchun munosib infratuzilma yaratishga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA