Saylovchilar ishonchi — eng oliy mas’uliyat
Xalq vakilining asosiy vazifasi nafaqat qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanish, balki o‘z saylovchilarining dardu tashvishlariga sherik bo‘lish va ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishdan iborat.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova ham ayni shu maqsadda o‘z hududida saylovchilar bilan doimiy muloqotlar o‘tkazib, fuqarolar murojaatlarini ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Jumladan, Nukus shahridan salkam 460 kilometr uzoqlikda joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng cheka hududlaridan biri — “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan uchrashuvlar aholini qiynayotgan bir qator masalalarni yuzaga chiqardi. Xususan, aholi bilan suhbat davomida ishsizlik, toza ichimlik suvi ta’minoti va ta’lim sohasidagi kamchiliklar aniqlandi.

Shaharcha fuqarolar yig‘inida yashovchi T.Jumamuratova deputatga ishsizlik masalasida murojaat qildi. Oilasini boqish uchun kunlik ishlar bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqaro mahalliy sport majmuasiga ishga kirishda yordam so‘radi. Deputatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi bilan olib borgan muzokaralari natijasida ushbu masala ijobiy hal etildi. T.Jumamuratova sport majmuasiga mavsumiy ishga joylashtirildi.

Hudud aholisini uzoq vaqtdan buyon tomorqa yerlarini sug‘orish masalasi qiynab kelayotgan edi.
G.Xalmuratovaning sa’y-harakati va tegishli tashkilotlar bilan kelishuvi natijasida bu muammoga ham chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan ushbu masala grant loyihasiga kiritildi. Joriy yilda artezian qudug‘ini qazish uchun 200 million so‘m mablag‘ ajratilishi tasdiqlandi.

Uchrashuvlar davomida yoshlar ham o‘z takliflarini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, hududda faqat ingliz tilidan repetitor mavjud bo‘lib, boshqa fanlardan ham qo‘shimcha darslarga ehtiyoj katta. Deputat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Mo‘ynoq tumanidagi kabi zamonaviy “Book Café” tashkil etishni tavsiya qildi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga davlat granti loyihasini topshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Deputatning faolligi va qat’iyati tufayli cheka hudud aholisini qiynab kelayotgan, yillar davomida to‘planib qolgan ayrim muammolar o‘z yechimini topmoqda. Xalq vakili uchun eng katta mukofot saylovchilar ishonchidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.