150 yillik tarix qayta jonlandi: O‘zbekistonning eng qadimiy muzeyi qanday o‘zgardi? (+video)
Bugun tarix faqat kitob sahifalarida emas, balki qayta nafas olgan muzey devorlari ichida ham jonlanmoqda. Bir necha yillik o‘zgarishlardan keyin O‘zbekistonning eng qadimiy muzeylaridan biri – O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi yangilangan qiyofada qayta ochilish arafasida. Ushbu muhim voqea oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus press-tur tashkil etildi.
Muzey eshiklaridan kirish bilanoq bu yerda shunchaki ta’mirlash ishlari emas, balki vaqt bilan muloqot qilish usuli ham o‘zgarganini his qilish mumkin. Qariyb ikki yil davom etgan rekonstruksiya jarayonida muzey to‘liq zamonaviy texnik imkoniyatlar asosida yangilangan. Ekspozitsiyalarni shakllantirishda eng so‘nggi tadqiqotlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlaridan foydalanilgan.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi mamlakatimizdagina emas, balki Markaziy Osiyodagi ilk va eng ko‘hna muzeylardan biri hisoblanadi. Muzey 1876-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yil o‘zining 150 yillik yubileyini qarshi olish arafasida turibdi.
Bugun muzey xazinasida 350 mingdan ortiq noyob eksponat saqlanadi. Yangilangan ekspozitsiya esa tashrif buyuruvchilarni tosh davridan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy yo‘l bo‘ylab yetaklaydi. Shuningdek, O‘zbekiston hududidagi qariyb 3000-yillik davlatchilik tarixi haqidagi ma’lumotlar ham keng yoritilgan.
Yangilangan muzeyning e’tiborga molik jihatlaridan biri — tarixni faqat ko‘rish emas, balki his qilish imkoniyati paydo bo‘lganidir. Ilk davlatchilik shakllari, birinchi va ikkinchi Renessans davri, mustaqillikdan avvalgi hamda mustaqil O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlar yangi formatda taqdim etilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda madaniy meros va muzeyshunoslik sohasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ham bugungi yangilanishlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yangi muzeylarning qurilishi, mavjudlarining jahon standartlari asosida qayta tiklanishi soha taraqqiyotining muhim qismiga aylangan.
Raqamlar ham bu qiziqish oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Masalan, 2023-yilning o‘zida muzeyga 180 ming nafardan ziyod tashrif buyuruvchi kelgan. Mutaxassislar fikricha, agar muzey 2024-yilda rekonstruksiya ishlari uchun vaqtincha yopilmaganida, bu ko‘rsatkich 200 mingdan oshishi mumkin edi.
Endi esa muzey yana mehmonlarni qarshi olishga tayyorlanmoqda. Ammo bu safar tashrif buyuruvchilarni shunchaki eksponatlar emas, balki tarixni yangicha his qilish imkoni kutmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/urUMDptlU90" title="150 yillik tarix qayta jonlandi: O‘zbekistonning eng qadimiy muzeyi qanday o‘zgardi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, I.Ismatov, O‘zA