Cho‘llanishga qarshi Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda (+video)
Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda cho‘llanishga qarshi kurashish texnologiyalari bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi. Ushbu o‘quv kurslari Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Ma’lumki, cho‘llanish — Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda duch kelayotgan umumiy ekologik muammodir. Mazkur o‘quv mashg‘uloti “Xitoy tajribasini baham ko‘rish, mintaqaviy yashil hamkorlikni birgalikda rivojlantirish” mavzusiga bag‘ishlangan. U Xitoy - Markaziy Osiyo cho‘llanishga qarshi kurashish hamkorlik markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligining Cho‘llanishga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.
- Bu tadbir o‘tgan yili Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan Sammitda qabul qilingan qarorlar, ya’ni “Cho‘llanishga qarshi kurashish markazi”ni tashkil etish, umuman Markaziy Osiyo davlatlarida Xitoy tajribasi asosida chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni amalga joriy etish maqsadida tashkil qilindi, - deydi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin Muhiddinov. – Bugungi tadbirga Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonning cho‘llanish sohasiga qarshi kurashish yo‘nalishida ishlaydigan mutaxassislar, o‘rmon agentliklari vakillari kelgan. Muhimi bu tadbirimiz juda katta amaliy ahamiyatga ega. Chunki, cho‘llanishga qarshi kurashning ilmiy yondashuvlari, bu boradagi xorijiy texnologiyalar, ularni joriy etish yo‘llari, loyihalarni amalga oshirish shakllari va muvaffaqiyatli keyslarni o‘rganib chiqmoqdamiz.
Seminarda qum ko‘chishi va cho‘llanishga qarshi kurashish, sho‘rlangan yerlarni melioratsiya qilish, suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va ekologik qayta tiklash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Bundan ko‘zlangan maqsad tajriba almashish va texnologik hamkorlik orqali barcha mamlakatlarning cho‘llanishga qarshi kurashish salohiyatini har tomonlama o‘rganish hamda mintaqaviy ekologik amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdir.
O‘quv mashg‘ulotlarida Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurashish sohasidagi taniqli olimlari, shuningdek, bir qator ekologik yo‘nalishdagi korxona vakillari o‘z bilim va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Xitoy - O‘rta Osiyo cho‘llanishga qarshi kurashish hamkorlik markazi vakili Chen Yong janoblari so‘zga chiqib, ushbu mavzuning insoniyat uchun qanchalik dolzarb ekanligi, cho‘llanishga qarshi kurashda barcha mas’ul ekanligi, o‘quv kurslarida ishtirok etganlar joylarda tabiatga salbiy ta’sirni kamaytirishda faol qatnashishlari zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga Xitoy Xalq Respublikasining o‘rmonchilikni rivojlantirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Jumladan, ushbu davlatning “Sinoway Forest Technology” kompaniyasi bilan hamkorlikda Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida pista va kovrak plantatsiyalarini barpo etishda 5 ming gektarlik maydonda pistazor tashkil qilish loyihasi yakuniga yetkazilmoqda.
Xitoyning ilg‘or texnologiyasi asosida 250 ming dona pista urug‘i to‘pchalari (seedball) tayyorlandi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik markazi” bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi Milliy dendrologiya bog‘i hududida “Toshkent dendrariysi demonstratsiya zonasi”ni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra loyiha uchun Xitoy tomoni 420 ming AQSH dollariga teng beg‘araz ko‘mak mablag‘larini ajratishi mo‘ljallanyapti.
Seminar savol-javoblar ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar soha mutaxassislaridan cho‘llanishga qarshi kurashning xorij tajribasi hamda samarali usullarini bilib oldilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lhi2xjidZM8" title="Cho‘llanishga qarshi Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,, Iskandar Ismatov, O‘zA