Rim global sammiti: O‘zbekiston yoshlari dunyo oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yechimlar taklif etdi
Italiya poytaxti Rim shahrida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (G‘AO) bosh qarorgohida "Jahon oziq-ovqat forumi-2026" bo‘lib o‘tdi. Barqaror, inklyuziv va iqlim o‘zgarishiga chidamli agro oziq-ovqat tizimini barpo etishga qaratilgan ushbu yirik anjumanda O‘zbekiston yoshlari delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi.
Tadbirda G‘AO tuzilmasining mamlakatimizdagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov boshchiligida davlat tashkilotlari xodimlari, yosh mutaxassislar va WFF – “World Food Forum” O‘zbekiston milliy yoshlar platformasi vakillari ham qatnashdi. Ular agro oziq-ovqat tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro muhokamalarda milliy tajriba va tashabbuslar taqdim etib, xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashdi.

Anjuman doirasidagi Global yoshlar forumi ochilishi marosimida dunyo bo‘ylab 35 yangi milliy yoshlar platformasi faoliyati rasman yo‘lga qo‘yilib, faollarga sertifikatlar topshirildi.
WFF tarmog‘i bugungi kunda dunyo bo‘ylab 100 dan ziyod milliy platformani birlashtirgan. Mazkur tuzilma tarkibida 2025-yil tashabbuskor yoshlar taklifi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va G‘AO ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy yoshlar platformasi Markaziy Osiyodagi ilk shunday jamoa hisoblanadi. Forum davomida ushbu platforma koordinatori Shavkat Xoldorov va boshqa yoshlar yetakchilari oziq-ovqat xavfsizligi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mahalliy tashabbuslarni muhokama qildilar.
Yosh chorvadorlar muammosi
Tadbir doirasida G‘AO Yevropa va Markaziy Osiyo hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqaviy vakolatxonalari tomonidan yosh chorvadorlar kelajagiga bag‘ishlangan mintaqalar aro muloqot tashkil etildi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Nepal va Butan vakillari ishtirok etgan muloqotda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi bosh mutaxassisi Ahmadjon Nurullayev yurtimizda o‘tgan milliy maslahatlashuv natijasini taqdim etdi. So‘rovnoma raqamlari soha rivoji yo‘lida e’tibor talab etadigan muhim masalalar ahamiyatini ta’kidlaydi:
71 % yosh chorvador chorvachilikda mahsuldorlik pasayganini aytgan;
58 % respondent chorva mollari nobud bo‘lishi bilan bog‘liq yo‘qotishga duch kelgan;
70 % ishtirokchi uchun suv manbasi, veterinariya xizmati va bozordan foydalanish imkoniyati cheklangani asosiy to‘siq sifatida qayd etilgan.
Bundan tashqari iqlim o‘zgaruvchanligi, mavsumiy ko‘chib yurishdagi cheklov hamda yaylovdan foydalanish huquqi yetarli darajada kafolatlanmagani yosh chorvadorlar daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekistondan amaliy taklif
Yuzaga kelgan muammolarga javoban vakilimiz tomonidan yosh chorvadorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mintaqaviy dastur ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu tashabbus quyidagi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi:
– Jamoalar ishtirokida yaylovdan foydalanish rejasini ishlab chiqish va huquqiy asosni mustahkamlash. Suv, veterinariya va moliyalashtirish xizmatidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash. Qaror qabul qilish jarayonida yosh ayollar va erkaklar rasmiy ishtirokini ta’minlaydigan sinov loyihasini yo‘lga qo‘yish.
– Qurg‘oqchilik haqida ma’lumot almashish va yaylov holatini kuzatish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik o‘rnatish.
Mazkur takliflar BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan “2026-yil – Xalqaro yaylov va chorvadorlar yili” doirasidagi sa’y-harakatga to‘liq mos keladi.
Forum doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov G‘AO tizimida malaka oshirayotgan yoshlarimiz bilan uchrashdi.
Muloqot davomida suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, innovatsiyani amaliyotga joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Mulozim yosh mutaxassislarni ilg‘or yechimlarni o‘rganib, mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish orqali sohani rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqirdi.
O‘zbekiston yoshlarining Jahon oziq-ovqat forumidagi faol ishtiroki mamlakatimizning dunyo bo‘ylab agrar islohotlar jarayonidagi faolligini namoyon etdi. Ilgari surilgan tashabbuslar, muhokama qilingan mavzular nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA