Istanbulda kuchli yomg‘ir
Istanbul shahrida ikki kundirki kuchli yomg‘ir yog‘yapti. Qator hududlarni suv bosgan, avtomobillar sel oqimida qolgan. Sariyer tumanida sel mashinalarni oqizib ketdi. Fotih tumanida 14 yoshli bola elektr toki urishi natijasida halok bo‘ldi.
Istanbul hukumati xabar berishicha, fojia Fotih tumani Balat mahallasidagi Chuqurbostan bog‘ida sodir bo‘lgan. Suv to‘plangan joydan o‘tayotgan bolani tok urgan. Jabrdiyda shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan.
Kuchli yog‘ingarchilik Ayyazaga mahallasida ham jiddiy oqibat keltirib chiqardi. Sel to‘xtab turgan avtomobillarni oqizib ketdi. Mashinalar bir-biriga va binolarga urilib suv oqimiga qo‘shildi. Hududdagi ayrim korxonalar va avtomobil turargohlarini ham suv bosdi.
Shimoliy Marmara avtomagistralining ayrim qismlarida suv to‘planib, transport harakati qiyinlashdi. Sariyer sohilida dengiz suvi qirg‘oqdan oshib, quruqlik tomon tarqaldi.
14-oktabr kuni soat 06:00 dan 20:00 ga qadar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) va 112 tezkor chaqiruv markaziga jami 2 518 murojaat tushgan. Aksar shikoyat toshqin natijasida turar-joy va muassasalarni suv bosishi, mashinalarga zarar yetishi hamda odamlar xavf ostida qolishi bilan bog‘liq.
Tabiiy ofat oqibatini bartaraf etishga 8 000 xodim, 2 000 transport vositasi va maxsus texnika jalb etildi.
Meteorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, eng ko‘p yog‘ingarchilik Beykoz tumanidagi O‘merli hududida qayd etilgan: bir kvadrat/metr joyga 193,84 kg yog‘in tushgan. Sariyer tumanidagi ITU Maslak hududida ushbu ko‘rsatkich 124,72 kilogrammni tashkil etgan.
Kuchli yog‘in sabab Istanbulda ta’lim tizimiga ham vaqtincha cheklov joriy etildi. Mahalliy hokimlik aholidan ehtiyot chorasini ko‘rish, suv bosgan yo‘ldan yurmaslik va rasmiy ogohlantirishga rioya qilishni so‘ragan.
Ayni payt shaharda hodisa oqibatini bartaraf etish, yetkazilgan zararni aniqlashga kirishilgan.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya