Reja atigi 19 ish kunida ortig‘i bilan bajarildi
Yerga mehr bilan ekilgan har bir urug‘ dehqonning halol mehnati va yurtga sadoqatining yorqin ifodasidir. Bugun Yangi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bozor mexanizmlarini joriy etish va mehnat ahlining manfaatdorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar o‘zining yuksak samarasini bermoqda. Buning amaliy isbotini Buxoro viloyati g‘allakorlari joriy mavsumda qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarda yaqqol ko‘rish mumkin.
Viloyat mirishkorlari davlatga don sotish bo‘yicha shartnomaviy rejani atigi 19 ish kunida ortig‘i bilan bajarib, mamlakatimiz g‘alla xirmoniga munosib hissa qo‘shdi. Bu nafaqat yuksak mehnat unumdorligi, balki ilmiy yondashuv, samarali boshqaruv va dehqon mehnatiga berilgan munosib e’tiborning yorqin natijasidir.
Joriy yilda Buxoro viloyatidagi 3038 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 65 ming gektar maydonga bug‘doyning serhosil “Alekseyevich”, “Valena”, “Gurt”, “Vassa”, “Grom”, “Soberbash”, “Yelanchik”, “Tanya” kabi saralangan navlari ekilib, agrotexnik talablar asosida sifatli parvarish qilindi. Kuz-qish va bahor mavsumida amalga oshirilgan barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilgani tufayli dalalarda mo‘l va barakali hosil yetishtirildi.

So‘nggi yillarda g‘allachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar fermerlarning iqtisodiy manfaatdorligini yanada kuchaytirdi. Yer maydonlarining to‘liq fermerlarga biriktirilishi, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqa moddiy resurslarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi yuqori hosildorlikka mustahkam zamin yaratdi.
Ayniqsa, Prezidentimizning “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada yangi davrni boshlab berdi. Endi fermerlar davlat shartnomasi bajarilgandan keyin qolgan bug‘doy hosilini bozor narxida erkin sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa ularning daromadi va moddiy manfaatdorligini sezilarli darajada oshirib, yanada samarali mehnat qilishga kuchli rag‘bat uyg‘otdi.
O‘rim-yig‘im mavsumi ham yuqori darajada uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Viloyatda 230 ta kombayn otryadi shakllantirilib, ularga 1100 dan ortiq yuk avtomobili, 32 ta ko‘chma ustaxona va 44 ta yonilg‘i tashish vositasi biriktirildi. Ana shu puxta tashkil etilgan tizim tufayli isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmasdan, hosil qisqa muddatlarda yig‘ib olindi.

2026-yil 25-iyun holatiga ko‘ra, davlat xirmoniga 215 ming 296 tonna don topshirildi. Shundan 193 ming 886 tonnasi tovar doni, 21 ming 411 tonnasi urug‘lik don bo‘lib, davlatga don sotish bo‘yicha shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarildi.
Bu muvaffaqiyatda Olot, Jondor, Romitan, Vobkent, Buxoro, Peshku, Kogon va Qorako‘l tumanlari g‘allakorlarining hissasi ayniqsa katta bo‘ldi. Ayrim ilg‘or fermer xo‘jaliklari har gektardan 90–95 sentnergacha hosil olishga erishib, viloyat qishloq xo‘jaligi tarixida yangi rekordni qayd etdi. Og‘ir iqlim sharoiti va suv tanqisligiga qaramasdan bunday natijaga erishilgani buxorolik dehqonlarning yuksak mahorati, mehnatsevarligi va zamonaviy agrotexnologiyalarni samarali qo‘llayotganining amaliy isbotidir.
Joriy mavsumda viloyatda 600 ming tonnadan ortiq bug‘doy hosili yetishtirildi. Bundan 2 trillion 120 milliard so‘m daromad olish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 730 milliard so‘mi sof daromad sifatida fermerlar ixtiyorida qoladi. Shuningdek, davlat shartnomasidan tashqari 400 ming tonnadan ziyod hosil ham fermer xo‘jaliklari tasarrufida qolishi ularning iqtisodiy barqarorligi va kelgusi rejalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu ulkan zafar ortida minglab dehqonlar, mexanizatorlar, agronomlar, muhandislar va sohaning barcha mehnatkashlarining tunni tongga ulagan mashaqqatli mehnati mujassam. Ular tomonidan uyilgan bu xirmon yurtimiz dasturxonining to‘kinligi, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligining mustahkam kafolatidir.
Buxoro viloyati g‘allakorlarining bu yilgi mehnat g‘alabasi nafaqat raqamlarda, balki mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning amaliy natijasida ham o‘z aksini topdi. Tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri