Eksportbop mahsulotlar ulushi ko‘payib bormoqda
Xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat yaratish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bugungi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada “BMB Holding” tarkibidagi korxonalarda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar mamlakat eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, mahalliy xomashyoni mukammal qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan islohotlar amalda o‘z samarasini bermoqda. Bu jarayonda “BMB Holding” tarkibiga kiruvchi korxonalar ham izchil amaliy ishlari bilan mazkur yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etmoqda.
Bugungi kunda xoldingda meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash asosida qo‘shimcha qiymat yaratish, tashqi bozorlarda raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport hajmini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilyapti. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, balki milliy iqtisodiyotning eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, eksportyor korxonalar tomonidan rejalashtirilgan ishlar qat’iy reja asosida davom ettirilib, ishlab chiqarishning eng muhim bo‘g‘ini hisoblangan xomashyo ta’minotini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yondashuv tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahsulot sifati va eksport geografiyasini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Xususan, Jizzax va qo‘shni viloyatlarda gilos, olcha qabul qilish punktlari tashkil etilgan. Ayni paytda mavsumiy yig‘im-terim ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, “BMB Agro Plus” korxonasini yuqori sifatli meva xomashyosi bilan uzluksiz ta’minlash choralari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

Eng muhimi, chuqur qayta ishlashga asoslangan mazkur ishlab chiqarish modeli mahsulot tannarxi va qiymati o‘rtasidagi iqtisodiy samaradorlikni oshirish bilan birga, eksportbop mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi tashqi bozorlarga chiqish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Zero, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini oddiy xomashyo sifatida emas, balki yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ko‘rinishida tashqi bozorlarga yetkazib berish bugungi iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim talablaridan biridir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri