Maqsadi ulug‘ tadbirkorlar
Yangi O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bugun yurtimizning eng chekka hududlarida ham o‘z mehnati, tashabbusi va izlanishi bilan muvaffaqiyat qozonayotgan tadbirkorlar safining kengayib borayotgani buning yaqqol isbotidir.
Uchquduq tumanida faoliyat yuritayotgan “Uchquduq diyor mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ana shunday korxonalardan biri. Bir paytlar xonadondagi kichik ustaxona sifatida faoliyatini boshlagan bu korxona bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar asosida mebel ishlab chiqarish majmuasiga aylanib bormoqda.
Korxonani aka-uka hunarmandlar Kamol Hayitov va Qandiyor Obloyev tashkil etgan. Dastlab telefon va tanishlar orqali qabul qilingan buyurtmalar asosida uy va oshxona jihozlari tayyorlagan ustalar mahsulotlariga talab ortib borishi natijasida tumanning Abay mahallasida alohida sex tashkil etdi.
Mamlakatimizda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va xizmat ko‘rsatish majmualarining barpo etilishi mebel mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ham sezilarli darajada oshirdi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
– Hunarli inson hech qachon qiynalmaydi, – deydi Kamol Hayitov. – Avvaliga kichik buyurtmalar bilan ish boshlagan bo‘lsak, bugun yirik loyihalarni ham bajarish imkoniyatiga egamiz. 2021-yilda Xitoy texnologiyasi asosidagi zamonaviy dastgohlar o‘rnatdik. Keyinchalik mebel bezash uskunalarini ham xarid qildik. Bugun qurilishlar ko‘paygani sayin buyurtmalarimiz ham ortib bormoqda.
Korxonada bugungi kunda 50 dan ortiq turdagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulot tayyorlashda Rossiya, Belarus, Eron va Xitoydan keltiriladigan sifatli xomashyo hamda furnituralardan foydalanilmoqda.
Eng muhimi, davlat tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkonini bermoqda. Xususan, korxona 400 million so‘mlik imtiyozli kreditdan foydalanib, Xitoydan eng so‘nggi rusumdagi beshta zamonaviy mebelsozlik uskunasini xarid qildi.
– Yangi texnologiyalar ishga tushgach, ishlab chiqarish hajmi bir necha barobarga oshadi, – deydi korxona rahbari Qandiyor Obloyev. – Hozirgi imkoniyatlarimiz bilan to‘rt kunda bir to‘plam oshxona jihozi tayyorlasak, yangi uskunalar yordamida bir kunda o‘ntagacha to‘plam ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lamiz. Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki mahsulot sifati va aniqligini ham yanada oshiradi.
Yangi quvvatlarni ishga tushirish natijasida mahsulotlar turini 100 tadan oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda ofis, mehmonxona, restoran, savdo va ijtimoiy muassasalar uchun maxsus mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
“Uchquduq diyor mebel” jamoasining rejalari ulkan. Ular yaqin kelajakda mahalliy bozor bilan bir qatorda qo‘shni davlatlarga ham mebel mahsulotlarini eksport qilishni maqsad qilgan. Bu esa mamlakatimizda “mahalladan – eksportgacha” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri