Raqobat qo‘mitasi farmatsevtika distribyutorlarini ogohlantiradi
Farmatsevtika sohasining jadal rivojlanishi natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda ham dori vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ko‘payib bormoqda.
Bunday korxonalar o‘zlari ishlab chiqargan dori vositalarini katta miqdorda xarid qilish, saqlash va ularni dorixonalar yoki tibbiyot muassasalariga qayta sotish uchun yetkazib berish, ya’ni ulgurji distributsiya qilishni xohlashadi.
Biroq, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar tomonidan talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishda boshqa preparatlarni ham majburiy tarzda qo‘shib sotish holatlari yuzasidan shikoyatlar ko‘paymoqda.
Bunday holatlar kichik tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi, ularning faoliyatini cheklashi va bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, Raqobat qo‘mitasi tomonidan dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda.
Respublikamizga joriy yilning 9 oyi davomida 305 ta korxonalar tomonidan dori vositalari import qilingan bo‘lib, shundan 47,2 foizi 5 ta importyor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga 2023-yilga nisbatan chakana dorixonalar birlashishi yoki yopilishi natijasida 8 foizga qisqargan filiallar soni esa 33,8 foizga ko‘paygan. 2023-yilda jami 13 ming 744 ta dorixona mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil 1-oktabr holatiga jami 14 ming 598 ta dorixona mavjud bo‘lgan.
Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan, raqobatchilar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni xarid qilish yoki realizatsiya qilishni taqiqlash yoxud cheklash holatlari uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Bunda sanksiya miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan davrda, biroq oxirgi 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5 foizini tashkil etadi.
Ayni paytda Raqobat qo‘mitasi tomonidan dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda.
Xususan, talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishda boshqa buyurtma berilmagan preparatlar yoki tovarlarni ham majburiy sotib olish sharti qo‘yilgani aniqlansa va ushbu harakatlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi deb topilsa, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin.
Nigora Rahmonova,
O‘zA