Islohotlar samarasi va iqtisodiy o‘sish aholi farovonligida qanday aks etmoqda?
Har qanday strategiyaning samarasi belgilangan vazifalarning amalda qanday natija berayotgani bilan baholanadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining iqtisodiy yo‘nalishi bo‘yicha 1-oktabr holatiga ko‘ra natijalar sarhisob qilindi. Ular mamlakat iqtisodiyotining bir qator tarmoqlarida amaliy o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rsatadi. To‘qqiz oy davomida hududlarni rivojlantirish, sanoat va energetika salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligini takomillashtirish hamda raqamli xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Ularning natijalari iqtisodiyot tarmoqlariga va aholi hayotiga ta’siri nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Hududlarni mutanosib rivojlantirish maqsadida jahon tajribasi asosida Hududiy tenglik indeksi ishlab chiqildi. Bu hududlar o‘rtasidagi farqlarni aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash va qarorlar qabul qilish imkonini kengaytiradi. Shuningdek, hududlarning fazoviy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish uchun Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan shartnomalar tuzildi. Xalqaro tajribani jalb etish hududlarning o‘ziga xos imkoniyatlarini hisobga olgan holda rivojlanish rejalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Sanoatda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar ham davom ettirildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yillik 180 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 6-son sex ishga tushirildi. “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida nanotahlil laboratoriyasining tashkil etilishi esa metall sifatini nazorat qilish va yangi materiallarni tadqiq etish imkoniyatlarini kengaytirdi. Bu kabi tashabbuslar sanoatda texnologik salohiyatni mustahkamlash va raqobatbardoshlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Eksport geografiyasini kengaytirish doirasida Latviya, Litva, Shvetsiya, Finlyandiya va Gruziyaga tadbirkorlarning tashriflari tashkil etildi, O‘zbekiston – Latviya va O‘zbekiston –Gruziya biznes-forumlari o‘tkazildi, eksport xablarini tashkil etish choralari ko‘rildi. Bu ishlar tadbirkorlarga yangi bozorlarni o‘rganish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda energetika tizimining barqarorligi alohida o‘rin tutadi. Mamlakat hududlarida kichik va mikro gidroelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 1 900 ta loyiha auksionga chiqarildi. Shu bilan birga, jami 29,7 megavatt quvvatga ega to‘rtta gidroelektr stansiyasi – Qashqadaryo viloyatidagi “Chappasuy” va “Tamshush”, Namangan viloyatidagi “Beshqo‘rg‘on” hamda Janubiy Farg‘ona kanalidagi JFK-3 kichik gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu mahalliy energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Endilikda auksionga chiqarilgan loyihalarning amaliy bosqichga o‘tishi va yangi quvvatlarni ishga tushirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Energetika sohasida kadrlar malakasini oshirish va resurslardan samarali foydalanishga ham e’tibor qaratildi. Soha xodimlarini har uch yilda kamida bir marta qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha davlat ta’lim talablari tasdiqlandi. Shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan energiya samaradorligini oshirish milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Mahalliy ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotining 1-iyundan bekor qilinishi bozor tamoyillarini kengaytirish yo‘lidagi qadamlardan biri bo‘ldi. Ayni paytda bunday o‘zgarishlarning iste’molchilarga, xususan, isitish mavsumida aholi xarajatlariga ta’sirini kuzatib borish muhimdir.
Kuz-qish mavsumida gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun kompressor stansiyalarining 60 ta gaz haydash agregatlari va Xo‘jaobod yer osti gaz saqlash inshootining 12 ta quduqlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, kichik quvvatli atom elektr stansiyasini loyihalashtirish, yetkazib berish va qurish bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha bitim imzolandi hamda stansiya energobloklarini joylashtirish uchun maydondan foydalanishga ruxsat berildi. Bu choralar energetika sohasidagi joriy ehtiyojlar bilan bir qatorda, uzoq muddatli rivojlanish vazifalariga ham e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Transport xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Urganch–Xiva trolleybus yo‘nalishida brutto-shartnoma tizimi joriy etildi. Transport vositalari GPS trekerlar bilan jihozlanib, qatnovlarni “O‘zbusmonitoring” tizimi orqali nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Bu qatnov jadvaliga rioya etilishini kuzatish va yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar ishonchliligini oshirishga qaratilgan.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Paxtachilikda 2026-yil hosili uchun hosildorligi gektariga 70–80 sentner, tola chiqimi esa 40–45 foizdan kam bo‘lmagan tezpishar va serhosil g‘o‘za navlari qariyb 888 ming gektar maydonga ekildi. Shuningdek, qariyb 890 ming gektarda intensiv ekish sxemalari, 305 ming gektarda esa “Shinjon»”usulida chigit ekish amaliyoti joriy etildi.
G‘allachilikda ham hosildorlikni oshirish va yuqori natija beradigan navlar ulushini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, gektaridan 75–80 sentner hosil olish maqsadida 8 ta yangi tezpishar va serhosil kuzgi bug‘doy navi tanlanib, qariyb 75 ming gektarga ekildi. Natijada yuqori hosilli navlar ekilgan maydonlar 610 ming gektarga yetkazildi.
Bu ko‘rsatkichlar qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirishning muhim yo‘nalishlaridan biri urug‘chilik va nav tanlash ekanini ko‘rsatadi. Iqlim sharoitiga mos, tezpishar va serhosil navlardan foydalanish mavjud yer va suv resurslaridan samaraliroq foydalanish, mahsulot tannarxini maqbullashtirish hamda fermerlar daromadini oshirishga xizmat qilishi mumkin. Eng muhimi, bu yondashuv qo‘shimcha yer maydonlarini o‘zlashtirmasdan turib, hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Oziq-ovqat xavfsizligi doirasida 10 turdagi mahsulotlar bo‘yicha talab va uni qoplash imkoniyatlari monitoring qilindi. Bu ichki bozor ehtiyojlarini oldindan baholash va mahsulotlar taqchilligi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Aholi tomorqalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida minglab yer egalariga ko‘chat va urug‘liklar yetkazib berildi, “Mening tomorqam” elektron platformasi test rejimida ishga tushirildi. Bu tashabbuslar oilaviy daromad manbalarini kengaytirish va tomorqalardan samarali foydalanishga ko‘maklashishi mumkin.
Raqamli xizmatlarni rivojlantirish va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish borasida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Soliq to‘lovchilarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali o‘z faollik holatini mustaqil ravishda o‘zgartirish imkoniyati berildi. IT Park rezidentlarida yaratilgan ish o‘rinlari soni 51,9 mingtaga yetdi. Davlat boshqaruvida ochiqlikni oshirish maqsadida Ochiq ma’lumotlar portali imkoniyatlari kengaytirildi, mehnat huquqlari buzilishi bo‘yicha onlayn murojaatlarni qabul qilish va ularning holatini kuzatish tizimi joriy etildi. Shuningdek, elektron ishtirok etish indeksini yaxshilashga qaratilgan tashkiliy choralar ko‘rildi. Umuman, bu ishlar fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari bilan muloqotini soddalashtirish, murojaatlar shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining iqtisodiy yo‘nalishi bo‘yicha to‘qqiz oyda amalga oshirilgan ishlar hududiy rivojlanish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va raqamli boshqaruv sohalarida muayyan natijalarga erishilganini ko‘rsatadi. Ayrim yo‘nalishlarda yangi quvvatlar ishga tushirilgan bo‘lsa, boshqalarida loyihalarni amalga oshirish uchun tashkiliy va huquqiy asoslar shakllantirildi.
Keyingi bosqichda bu ishlar samarasini ishlab chiqarish hajmi, eksport ko‘rsatkichlari, yangi ish o‘rinlari, hosildorlik va aholi daromadlaridagi o‘zgarishlar orqali baholash muhim. Energiya ta’minoti, narx siyosati va oziq-ovqat xavfsizligi kabi masalalarda esa amalga oshirilayotgan choralarning aholi kundalik hayotiga ta’siri alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, strategiyaning natijadorligi belgilangan vazifalarning bajarilishi bilan birga, ularning iqtisodiyot barqarorligi va aholi farovonligiga qo‘shayotgan hissasi bilan ham belgilanadi.
Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA