Oqoltin moshi xorijiy bozorga chiqmoqda
Daladagi hosil iqtisodiy daromadga, mahalliy mahsulot esa eksport tushumiga aylanmoqda. Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yetishtirilgan moshni Xitoyga eksport qilish bo‘yicha 6 million AQSH dollarlik kelishuvga erishildi. Bu dehqonlar mehnati samarasini oshirish, fermerlar daromadini ko‘paytirish va hududning eksport salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
«Oqoltin Green Gold Export» MCHJ hamda xitoylik hamkorlar o‘rtasida erishilgan kelishuv mahalliy moshni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash va xalqaro talablarga muvofiq eksportga tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Korxonada mosh rangi, tozaligi va o‘lchamiga ko‘ra saralanib, maxsus uskunalar yordamida qadoqlanadi. Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar mahsulot sifatini yaxshilash va uning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
— Mosh yetishtirish hajmini ko‘paytirish bilan birga, uni sifatli qayta ishlash va tashqi bozorlarga yetkazib berishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Xalqaro hamkorlik mahalliy mahsulotlar uchun yangi bozorlarni ochib, eksport imkoniyatlarimizni kengaytirmoqda, — deydi tuman hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Tursunov.
Joriy yilda tumanda g‘alladan bo‘shagan 7 ming gektardan ziyod maydonda takroriy ekin sifatida mosh yetishtirildi. Hosilni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish mahsulotning qo‘shilgan qiymatini oshirish, fermerlar daromadini ko‘paytirish hamda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining iqtisodiy samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Korxona kuniga 80–100 tonna dukkakli mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda yiliga 10–11 ming tonna dukkakli mahsulot qayta ishlanadi. Shuningdek, 30 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan.
— Mosh eksporti orqali valyuta tushumini oshirish bilan birga, aholi bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shyapmiz. Ishlab chiqarishni rivojlantirish va tashqi bozorlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlarimiz yetarli, — deydi korxona rahbari Inoyatulla Xolboyev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri