Raqamli texnologiyalardan foydalanishda inson huquqlariga asoslangan yondashuv kuchaytiriladi
Toshkent shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Konrad Adenauer jamg‘armasi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Anjumanda 25 dan ortiq davlatlarning ombudsmanlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, parlament a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-30982]
Xalqaro konferensiyani kirish so‘zi bilan ochgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva raqamli transformatsiya bugun davlat va jamiyat hayotida yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq yangi vazifalarni ham kun tartibiga olib chiqayotganini ta’kidladi.
Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mas’uliyatni ta’minlash, internet muhitida kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, raqamli xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini yaratish muhim ekani qayd etildi.
Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, bu borada parlament va Ombudsman instituti o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Anjuman ishi uchta tematik sessiya doirasida davom etdi. Ularda raqamli muhitda xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, kiberbulling va onlayn zo‘ravonlikning oldini olish, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokama davomida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishda inson huquqlariga asoslangan yondashuvni kuchaytirish, raqamli inklyuziyani ta’minlash hamda bu jarayonda inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlarining rolini oshirish muhimligi qayd etildi.
Anjuman doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning milliy va xalqaro hamkorlari bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Tadbir yakunida raqamli transformatsiya sharoitida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, raqamli inklyuziyani kengaytirish hamda raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan umumiy yondashuvlar aks etgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA