O‘zbekiston va Ozarbayjon: jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida tajriba almashiladi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpo‘latov Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Rashad Eynaddin o‘g‘li Mammadov bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Muloqot davomida ikki davlat ichki ishlar organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida o‘zaro tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tomonlar ikki mamlakat huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etib, istiqbolli vazifalarni belgilab oldi.
N.Abduraimova, O‘zA