Quvada tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalar ommalashtirilmoqda
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Quva tumanida mahallalarda tomorqadan samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning viloyat boshqarmasi mas’ullari, Quva tumani hokimligi vakillari, viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 1017 nafar mahalla raisi ishtirok etdi.
[gallery-30695]
Seminar davomida ishtirokchilar Quva tumanida aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, ko‘chatchilik, manzarali daraxtlar, kivi va boshqa eksportbop ekinlar yetishtirish bo‘yicha to‘plangan ilg‘or tajribalar bilan tanishdi. Shuningdek, Yangi Quva va Yangi Chek mahallalaridagi namunaviy xonadonlar faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Ta’kidlanganidek, tumanda har yili 150 million tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt, tut hamda atirgul ko‘chatlari yetishtirilib, ichki bozor bilan bir qatorda xorijga ham yetkazib berilmoqda. Bu jarayonda aholi tomorqalari muhim o‘rin tutadi.
Seminar yakunida tomorqadan samarali foydalanishning ilg‘or usullarini keng joriy etish, aholi bandligini oshirish va daromadli tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA