O‘zbekiston va Misr: Qohirada tarix, ilm-fan va madaniyat muloqoti
Yaqinda Qohira shahrida yurtimizning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan “Tarix va madaniyat ko‘priklari: O‘zbekiston – Misr” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ikki mamlakatning olimlari, ta’lim muassasalari va madaniyat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalar, ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda madaniy diplomatiyani kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi.
Tadbirda o‘lkamizning Misrdagi elchixonasi maslahatchisi Fazliddin Samariddinov so‘zga chiqib, davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashda ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Konferensiyani O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva moderator sifatida olib bordi.
Yig‘in dasturi bir nechta mavzuli sessiyalardan iborat bo‘ldi.
Dastavval tadbirning ochilish marosimida Qohira universiteti professori Kamol Abdulrahmon “Qadimgi Movarounnahr va Misrning tarixiy aloqalari” mavzusida ma’ruza qilib, ikki xalqni bog‘lab turgan tarixiy, ilmiy va madaniy rishtalar haqida so‘z yuritdi.
“Tarixiy poydevor” mavzusidagi birinchi sessiyada Andijon davlat universiteti dekani Bahodir Rahmonov Zahiriddin Muhammad Boburning boy ilmiy va madaniy merosi haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, Misr xalqaro madaniy fondi direktori Tagrid Al-Fayyod ham o‘z taqdimoti bilan ishtirok etdi.
“Madaniy va ilmiy hamkorlik” mavzusidagi ikkinchi sessiyada Andijon davlat pedagogika instituti dekani “Muhayyoxon Artiqova Alisher Navoiy ijodidagi insonparvarlik g‘oyalari xususida ma’ruza qildi. Shuningdek, mazkur institut katta o‘qituvchisi Zamiraxon Rahmonova, “Suz.in” ilmiy jurnali direktori Asror Allayorov, Andijon davlat chet tillari instituti dotsenti Bekzodbek Abdullayev hamda “Al Fanar” media tashkiloti bo‘lim rahbari Muhammad Elhavari madaniy diplomatiya va zamonaviy gumanitar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
“Yoshlar forumi” doirasidagi uchinchi sessiyada Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Yulduz Qo‘ldosheva va mazkur maktab o‘quvchisi Binafsha Bozorova, Andijon davlat pedagogika instituti talabasi Madinabonu Artiqova yoshlarning tarixiy meros, milliy qadriyatlar va xalqaro madaniy muloqotga oid qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Xalqaro konferensiya doirasida B.Rasulov, M.Artiqova, A.Allayorov muallifligidagi “Andijon polkasi”, H.Hamroyeva, Sh.To‘xtasimov, N.Qosimov, G.Matyoqubova muallifligidagi “Xorazm “Lazgi” san’ati: yuksalish yillari” risolalari, muallif B.Bozorovaning “Zulfiya – do‘stlik kuychisi” nomli kitobi va xalqaro “Suz.in” ilmiy jurnali taqdimoti ham o‘tkazildi.
O‘.Alimov, O‘zA