“Qafasdagi orzular”da bolajonlar hayajoni bor
Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatrida bolajonlar uchun sahnalashtirilgan yangi “Qafasdagi orzular” spektaklining Badiiy kengash ko‘rigi o‘tkazildi. Mazkur spektakl Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan 2023-yilda o‘tkazilgan “Nigoh” respublika seminarida grant sohibi bo‘lgan.
– Hozirgi vaqtda yosh ijodkorlarga imkoniyatlar juda katta. Ayniqsa, yoshlarning bilim egallashlari, kasb-hunar o‘rganib, ijod bilan shug‘ullanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bu biz ijodkorlarga yanada ulkan ilhom va g‘ayrat bag‘ishlaydi, – yosh dramaturg Dostonbek Rahmatullayev.

– “Qafasdagi orzular” spektaklining mavzusi menga juda yoqdi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, rejissyor Fathulla Xo‘jayev. – Bu asar bolajonlarni orzu qilishga, tasavvurlarini boyitishga o‘rgatadi. Afsuski, hozir ko‘p bolalar telefonga, gadjet va sun’iy intellektga bog‘lanib, turli bachkana va bema’ni audiovizual kontentlar tomosha qilish bilan band bo‘lib qolgan. Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatridagi mazkur spektakl esa bolalarni mo‘’jizalar olamiga chorlaydi.
Aktyorlar Nigora Kazakova, Dadajon Otajonov, Mavludaxon Parpiyeva, Muhammadazim Oripov, Murodil Kamoliddinov va boshqalar spektaklni yanada qiziqarli chiqishini ta’minlagan.
“Qafasdagi orzular” pesasi mualliflari – Mansurbek Ro‘ziyev hamda Dostonbek Rahmatullayev, postanovkachi rejissyor – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Bahodir Jabborov, rassom – Shuhrat Anorboyev, qo‘g‘irchoqlar ustasi – Rohatoy Akbarova.
Spektakl premerasi tez kunda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA.