Murojaatlarda inson taqdiri mujassam
Xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlarini eshitish va hal etish bugungi davlat boshqaruvining eng muhim tamoyillaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, Prezident Xalq qabulxonalari faoliyati orqali har bir murojaat ortida turgan inson taqdiriga e’tibor qaratilayotgani jamiyatda adolat va ishonchni mustahkamlamoqda.

Namangan shahrida 2026-yilning birinchi choragi davomida jami 2 ming 148 murojaat kelib tushgani bu boradagi ishlarning qanchalik tizimli yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 44 taga yoki ikki foizga kamaygan bo‘lsa-da, masalalarning mazmun-mohiyati yanada chuqurlashganini anglatadi. Muhimi, kelib tushgan murojaatlarning 1 ming 920 tasi ko‘rib chiqilib, shundan 821 tasi yoki 43 foizi ijobiy hal etilgani amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning umidi va ishonchi mujassam. Buni Namangan shahrining Qadamjo mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Vohid Xolmatovning murojaati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. U o‘z arizasida o‘g‘li va ukasining Rossiya Federatsiyasida ishlash maqsadida borib, hujjatlari yetarli bo‘lmagani sababli qo‘lga olingani va qamoqqa olinganidan so‘ng, ularning taqdiriga doir xavotirlarini bildirgan.

Mazkur murojaat darhol tegishli tartibda Tashqi ishlar vazirligiga yo‘naltirildi. Vazirlikning konsullik-huquqiy departamenti orqali bu masala O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi tomonidan nazoratga olindi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida fuqarolar Dilmurud Tursunov va Abdullo Sobirjonov Rossiyaning Kaluga viloyatidagi vaqtinchalik saqlash markazida ekanligi aniqlanib, ularning yurtimizga qaytishi uchun barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Nihoyat, ular belgilangan tartibda mamlakatimizga deportatsiya qilinishi ta’minlandi.
Bu misol shuni ko‘rsatadiki, har bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi. U orqali inson taqdiri hal etiladi, oilaviy muammolar bartaraf etiladi, fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch mustahkamlanadi. Xulosa qilib aytganda, Xalq qabulxonalari faoliyati nafaqat murojaatlarni qabul qilish, balki har bir insonning dardiga malham bo‘lish, uning taqdiriga befarq bo‘lmaslik tamoyiliga asoslanmoqda. Zero, murojaatlar – bu oddiy qog‘oz emas, balki inson hayoti, taqdiri va kelajagidir.
Hoji-Akbar Dadaboyev,
Prezdidentning Namangan shahridagi
Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi. O‘zA