Tadbirkor murojaati e’tiborda
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, eksport-import jarayonlarida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor, ochiq va qonunchilik asosida hal etish bojxona organlari faoliyatining ustuvor vazifalaridan sanaladi.

Shu bois tadbirkorlardan kelib tushayotgan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Ana shunday murojaatlardan biri Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan “Neotech Stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Islom Barotov tomonidan bildirildi.
Murojaatda korxona tomonidan “eksport” bojxona rejimida rasmiylashtirilgan hamda hujjatlarda “natriy xlorid” sifatida ko‘rsatilgan mahsulotlar Buxoro viloyatidagi “Olot” chegara bojxona postida ekspertiza xulosalarida aniqlangan tafovutlar sababli vaqtincha saqlovga olingani qayd etilgan. Murojaat kelib tushishi bilan mazkur holat bojxona organlari tomonidan zudlik bilan nazoratga olindi.

Masala yuzasidan tovarlarning tarkibi va xususiyatlarini aniqlash maqsadida kompleks ekspertiza o‘tkazildi. Barcha zarur tahlil va o‘rganishlar yakunlanganidan so‘ng Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov hamda korxona rahbari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv davomida tadbirkorga kompleks ekspertiza natijalari atroflicha tushuntirildi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, saqlovga olingan mahsulotlar tarkibida “kaliy xlorid” va “natriy xlorid” aralashmalari mavjudligi aniqlangan. Shu munosabat bilan jami 72 tonna tovarni qayta ishlash va keyinchalik eksport qilish maqsadida korxona ixtiyoriga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, bojxona omborida vaqtincha saqlanayotgan 72 tonna “kaliy xlorid” mahsulotini eksport qilish uchun amaldagi tartiblarga muvofiq tegishli karantin va vakolatli idoralardan ruxsatnoma olinishi lozimligi tushuntirildi.
Barcha ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilganidan keyin mahsulotni eksport qilish bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvlari qonunchilik talablari asosida amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqot va manzilli yondashuv tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilish, ularga huquqiy jihatdan to‘liq tushuntirish berish hamda davlat organlari bilan biznes vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xulosa qilib aytganda, bojxona organlari tomonidan murojaatlarni xolisona ko‘rib chiqish, zarur ekspertizalarni o‘z vaqtida tashkil etish va idoralararo hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning muhim omili bo‘lib qolmoqda. Bu esa mamlakatimizda qulay biznes muhitini shakllantirish, tashqi savdo faoliyatini yanada rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA