Prezident qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi
Guliston shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan «Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda Guliston shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Qobiljon Ahmadjonov hamda shahardagi tashkilotlarning kadrlar bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, qarorga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

— Qarorning muhim jihati shundaki, mehnat sohasidagi xavfsizlik xodimning nafaqat jismoniy xavfsizligini, balki uning sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishni ham qamrab oladi. Tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni elektron qabul qilish hamda ularni ko‘rib chiqish jarayonlarining raqamlashtirilishi bunday holatlarga o‘z vaqtida huquqiy munosabat bildirishga xizmat qiladi, — dedi Qobiljon Ahmadjonov.

Tadbirda 2026-yil 1-dekabrga qadar ishga tushirilishi belgilangan «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portalining imkoniyatlari ham tushuntirildi. Portal orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni onlayn yuborish, ularni ko‘rib chiqish, dalillarni to‘plash, xulosalar tayyorlash hamda zarur hollarda murojaatlarni yuqori turuvchi instansiyaga avtomatik ravishda yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan holatlarda murojaatlarni «112» yagona dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organga yuborish tartibi haqida ma’lumot berildi. Portalda tekshiruv natijalari va ko‘rilgan choralarga oid ma’lumotlarni saqlash, ularning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlari ham tushuntirildi.

Tadbir yakunida qaror talablarini tashkilotlar faoliyatiga tatbiq etish, xodimlar huquqlarini himoya qilish va mehnat jamoalarida sog‘lom muhitni shakllantirishga oid savollarga batafsil javoblar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri