Bir lahzalik xato bir umrlik armonga aylanmasin
Bola — ota-ona uchun dunyodagi eng bebaho ne’mat. Uni ta’lim-tarbiya muassasasiga ishonib topshirgan ota-ona esa farzandi kun davomida xavfsiz, e’tibor va g‘amxo‘rlik muhitida bo‘lishiga ishonadi. Ammo ba’zan bir lahzalik e’tiborsizlik, kasbiy mas’uliyatning sustligi yoki tibbiy bilimsizlik ortida butun bir oilaning taqdirini o‘zgartirib yuboradigan fojia yuzaga kelishi mumkin.
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida ro‘y bergan voqea ham ana shunday og‘ir xulosalarga undaydi. 2025-yil 20-iyun kuni oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2022-yilda tug‘ilgan qizaloq vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudda atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Sudda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qizaloq o‘sha kuni ertalab soat 08:30 atrofida maktabgacha ta’lim muassasasiga kelgan. Dastlab odatdagidek ta’lim-tarbiya jarayonida bo‘lgan bola soat 13:15 larda yig‘lab uyg‘ongan. Shundan keyin muassasa rahbari D.Ye. tomonidan unga “Siprofloksatsin” dori vositasi berilgan.
Biroq bu holatdan keyin bolaning ahvoli og‘irlashgan va u Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, qizaloqning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Bir oilaning orzulari, rejalari, farzandi bilan bog‘liq umidlari bir necha soat ichida qayg‘uga aylandi.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, bolaning o‘limiga qusuq massalarining yuqori nafas yo‘llarini berkitib qo‘yishi sabab bo‘lgan.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi, ayniqsa, rahbar zimmasidagi eng muhim vazifalardan biri — bolalarning hayoti va salomatligi xavfsizligini ta’minlashdir. Chunki ota-ona farzandini muassasaga topshirganida, uning xavfsizligi uchun mas’ul shaxslarga ishonadi. Bunday muassasada har bir qaror, har bir harakat, hatto oddiydek ko‘ringan tibbiy muolaja ham katta mas’uliyatni talab qiladi. Bolaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatlarda o‘zboshimchalik bilan dori vositasi berish esa oqibati og‘ir bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlardan biri ekanini ushbu fojia yana bir bor ko‘rsatdi. Bu yerda gap faqat bir sud ishi yoki bir nafar mansabdorning javobgarligi haqida emas. Gap har kuni maktabgacha ta’lim muassasalariga ishonib topshirilayotgan minglab bolalarning hayoti va salomatligi haqida bormoqda.
So‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda bolalar huquqlari, ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘lig‘ini muhofaza qilish va xavfsiz muhitda kamol topishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida bola manfaatini ustuvor qo‘yish, ta’lim muassasalarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish, pedagog va mas’ul xodimlarning kasbiy mas’uliyatini oshirish muhim vazifalar sifatida belgilangan.
Zero, farzandlar salomatligi va hayotini asrash — faqat biror bir tashkilotning emas, balki butun jamiyatning muqaddas burchidir.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadri, bola manfaati va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan islohotlar mazmuni ham aynan shu haqiqatni talab etadi: har bir bola e’tiborda, har bir bola himoyada bo‘lishi kerak.
Sud yakuniga ko‘ra, D.Ye.ga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Sudda u o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Shu tariqa, sud tomonidan ish bo‘yicha aniqlangan holatlar va mavjud dalillarga huquqiy baho berilib, muassasa rahbariga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik chorasi qo‘llangan.Ammo sud hukmi bir oilaning jigargo‘shasini ortga qaytara olmaydi. U ota-onaning bag‘ridagi farzand o‘rnini to‘ldira olmaydi. Eng og‘iri ham shunda. Shu bois ushbu voqeaga faqat sudda yakuniga yetgan jinoyat ishi sifatida qarash kifoya emas. U barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, ularning rahbarlari va xodimlari uchun jiddiy saboq bo‘lishi lozim.
Bolani tarbiyalash — ish jadvalidagi oddiy vazifa emas. Bu ishonch. Bu mas’uliyat. Bu inson hayoti uchun javobgarlik. Bir lahzalik e’tiborsizlik esa ba’zan bir umrlik armonga aylanishi mumkin.Shunday ekan, har bir bog‘cha rahbari va har bir xodim bir haqiqatni qalbidan o‘tkazishi shart: muassasaga kirib kelgan har bir bola — kimningdir butun dunyosi. Uning hayoti va salomatligi borasida esa hech qachon beparvolikka berilmaslik lozim.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri