Zamonaviy ta’lim va keng imkoniyatlar maskani
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda yangi o‘quv yilining boshlanishi oliy ta’lim muassasalari hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Ta’lim sifatini oshirish, talabalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, ularning kasbiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish oliy ta’lim tizimining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida ham yangi o‘quv yilida ta’lim jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, talabalar uchun zarur sharoitlarni yanada yaxshilash, o‘quv va ilmiy jarayonlarni samarali yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda universitetda 16 mingdan ziyod talaba 50 ga yaqin bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 27 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqda.
[gallery-31593]
Ta’lim jarayonini nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligi asosida tashkil etish maqsadida universitetda 30 ga yaqin zamonaviy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Auditoriyalarda mashg‘ulotlar ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Bu talabalarning mustaqil fikrlashi, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishi va ilmiy izlanishlarga jalb etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, sport fakultetida kurash, futbol va boshqa sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Tasviriy san’at yo‘nalishidagi amaliy mashg‘ulotlar esa yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etishiga xizmat qilmoqda.
Akademik xizmatlarni yanada qulaylashtirish maqsadida Registrator ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda talabalarning akademik faoliyati bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish va ma’muriy xizmatlarni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Universitetning xalqaro hamkorlik aloqalari ham izchil kengayib bormoqda. Ayni vaqtda 20 ga yaqin davlatdagi 90 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, universitetning 11 ta ta’lim dasturi Germaniyaning ACQUIN xalqaro akkreditatsiya agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Universitet jamoasi kelgusida ham ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan vazifalarni izchil amalga oshirishni maqsad qilgan.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat) O‘zA