“Prezident olimpiadasi” ishtirokchilari tantanali kutib olindi
Yangi O‘zbekiston sportining yangi chempionlarini tayyorlashga qaratilgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari Respublika final bosqichida ishtirok etish uchun hududiy terma jamoalarning poytaxtimizga kelishi davom etmoqda.
Bugun, 26-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Prezident olimpiadasi”da ishtirok etadigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Navoiy, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridan kelgan yosh sportchilar tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan universitet rektori Rashid Matkarimov, sport faxriylari, tajribali murabbiylar “Prezident olimpiadasi” musobaqalari mamlakatimiz milliy terma jamoalariga yangi avlod vakillarini yetishtirib berishda muhim bellashuv maydoni ekanini ta’kidladi.
Bayramona tarzda tashkil etilgan kutib olish marosimidan keyin hududlardan kelgan yosh sportchilar barcha sharoitlarga ega bo‘lgan shinam mehmonxonalarga joylashtirildi.

“Prezident olimpiadasi”ning Respublika final bosqichi musobaqalari 27-oktabr - 8-noyabr kunlari 21 ta sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmualarida yengil atletika, boks va qilichbozlik bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA