O‘zbekistonlik sport ta’limi mutaxassislari Ostonada
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Butunjahon kurash ittifoqi (UWW) Ilmiy komissiyasining yillik yig‘ilishida o‘zbekistonlik olimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish dasturiga muvofiq, UWW Ilmiy komissiyasi a’zolarining yillik hisobotlari, shuningdek, sport kurashlarining istiqbolli yo‘nalishlarini tahlil qilish, yangi loyihalarni rejalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qozog‘iston milliy sport universitetida o‘tkazilgan ilmiy kengash yig‘ilishlarida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti yetakchi professorlari Georgiy Korobeynikov, Fikrat Kerimov, Olga Goncharova hamda yosh olim Jonibek Muratov mamlakatimizda sport ta’limida amalga oshirilayotgan izlanishlar, tadqiq etilayotgan loyihalar xususida ma’ruzalar qildi.
Tadbir doirasida o‘zbekistonlik sport ta’limi olimlari Yevropa, Amerika va Osiyo qit’asining yetakchi mutaxassislari bilan himkorlik aloqalarini mustakhkamlash, ilmiy izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash, mashg‘ulotlarda samaradorlikka erishish hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni sport amaliyotiga joriy etish masalalarida fikr almashdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA