Prezident nutqi mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda
Bugun mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi inson qadrini yuksaltirish, xalq farovonligini ta’minlash, jamiyatda yangicha tafakkur va yuksak ma’naviy muhitni qaror toptirishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, erishilayotgan natijalar, oldimizda turgan ustuvor vazifalar hamda milliy yuksalishning muhim jihatlari keng qamrab olindi. Unda ilgari surilgan g‘oyalar mazmun-mohiyatini xalqqa, jumladan, yirik mehnat jamoalariga yetkazish islohotlarning mohiyatini anglash va ularda faol ishtirok etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Video-konferens-aloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda NKMKning boshqaruv apparati, Navoiy mashinasozlik zavodi, Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi, Markaziy, Shimoliy, Janubiy va “Qizilqum” kon boshqarmalari hamda boshqa tarkibiy bo‘linmalar rahbar va ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi Farhod Ochilovning “Uch ming yillik ildizdan inson qadrigacha: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va 35 yillik islohotlarning o‘lchovi” hamda “Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzalarda bugungi islohotlarning tarixiy ildizlari, mustaqillik yillarida mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgarishlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, jamiyat taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki insonning dunyoqarashi, bilim va salohiyati, ma’naviy yetukligi hamda o‘zgarishlarga daxldorlik hissi bilan ham chambarchas bog‘liq ekani ta’kidlandi.

– Islohotlarning hayotdagi samarasi har bir fuqaroning ular mohiyatini anglashi va o‘z mehnati bilan munosib hissa qo‘shishiga ham bog‘liq, – deydi kombinat Matbuot markazi boshlig‘i Abdumajid Jo‘rayev. – Shu ma’noda, minglab ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan NKMK kabi yirik korxonalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning tashkil etilishi alohida ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy ishlab chiqarishda yuqori texnologiya va innovatsiyalar bilan bir qatorda, yuksak bilim, mas’uliyat, vatanparvarlik va yangilikka intilish ham muhim mezon hisoblanadi. Bugungi tadbirda ham yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyat va ma’naviy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tavsiya etilgan videoroliklar namoyish etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri