Pensiya tizimida milliy amaliyot va xalqaro tajriba
Samarqand shahrida “Kelajak pensiya tizimlari: demografik o‘zgarishlar va raqamli transformatsiya sharoitida barqarorlikni ta’minlashning yangi yondashuvlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi, pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar xalqaro assotsiatsiyasi hamda xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa davlatlarning pensiya ta’minoti bo‘yicha nufuzli ekspertlari ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi, vazirlik huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mas’ullari hamda pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar xalqaro assotsiatsiyasi raisi anjumanning ahamiyati va unda muhokama etiladigan masalalar, tizim oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdilar.
Shundan so‘ng anjuman sho‘’ba majlislarida davom etdi. Jumladan, “Ijtimoiy ta’minot — o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirishda ijtimoiy tizimlarni boshqarish vositasi” mavzusidagi sessiyada ijtimoiy ta’minotning jamiyatdagi demografik va ijtimoiy jarayonlarga ta’siri, o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirishning zamonaviy usullari muhokama qilindi. Xususan, demografik prognozlarni ishlab chiqish, ijtimoiy ta’minot sohasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash hamda axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
“Pensiya tizimlarining uzoq muddatli barqarorligi: mintaqaviy va xalqaro muammolar” mavzusidagi sessiyada esa pensiya tizimlarining moliyaviy va institutsional barqarorligiga ta’sir etuvchi asosiy omillar ko‘rib chiqildi. Muhokama davomida asosiy ma’ruzachi va ishtirokchilar kelgusi 5–10 yilda mehnat bozorida kutilayotgan o‘zgarishlar, ijtimoiy ta’minot tizimlarining yangi iqtisodiy va demografik sharoitlarga tayyorligi, pensiya tizimlari samaradorligini baholash mezonlari, sun’iy intellekt va raqamlashtirish texnologiyalarini ijtimoiy ta’minot sohasiga joriy etish istiqbollari, raqamli texnologiyalarni qo‘llash haqida so‘z yuritdilar.
– Konferensiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri pensiya va ijtimoiy ta’minot tizimlarida raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalari bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bosh mutaxassisi Shahboz Faxriyev. – Muhokamalarda zamonaviy axborot texnologiyalarini demografik prognozlash, ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish va pensiya tizimlarini boshqarishda qo‘llash istiqbollari, shuningdek, raqamli yechimlarni joriy etish bilan bog‘liq imkoniyatlar, cheklovlar va xavflar ko‘rib chiqildi. Bu borada xorijlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro fikr va tajriba almashdik.
[gallery-32208]
Xalqaro konferensiya doirasida pensiya ta’minoti sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hamda Ozarbayjon respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi huzuridagi davlat ijtimoiy himoya jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mamlakatimiz pensiya jamg‘armasi hamda Qozog‘iston Respublikasining “Yagona jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
– Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar assotsiatsiyasining bu kabi anjumanlari o‘zaro tajriba almashish uchun juda qulay imkoniyat, – deydi Qozog‘iston Respublikasining “Yagona jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi” aksiyadorlik jamiyati mas’uli Janat Kurmanov. – Shu jihatdan Samarqandda o‘tayotgan konferensiya kelajak pensiya tizimlari, sohani raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Biz pensiya ta’minoti bo‘yicha O‘zbekiston bilan faol hamkorlikda ishlaymiz, bir-birimizning tajribalarimizni o‘rganamiz, yuzaga kelayotgan masalalarga birgalikda yechim izlaymiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda pensiya tizimini transformatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganiga guvohmiz. Anjuman davomida bu borada olti muhim yo‘nalishda ish olib borilayotgani haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, bu islohotlar nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa davlatlari pensiya tizimini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Konferensiya qatnashchilarining fikricha, mazkur anjuman pensiya tizimlarini faqat bugungi ehtiyojlar asosida emas, balki kelgusi demografik, iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlarni hisobga olgan holda rivojlantirish zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari