O‘zbekistonda oilalar qanchalik baxtli?
15-may — Xalqaro oila kuni. Bu sana har bir insonning bolaligi, ota-ona mehri va oila bag‘rida o‘tgan eng iliq xotiralari haqida o‘ylashga undaydi. Chunki hayotda qanday yutuqqa erishmaylik, qayerlarda bo‘lmaylik, yuragimiz doimo bolalik nafasi qolib ketgan olis-olislarga intiladi. Chunki oila — jamiyatning eng kichik, ammo eng muhim bo‘g‘ini. Baxt esa oiladan boshlanadi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda oilalar qanchalik baxtli?
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan joriy yil mart–aprel oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 12 ming 697 nafar respondent ishtirokida oilalarning baxtlilik darajasi bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi.
Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda oilalarning baxtlilik darajasi 8 ta asosiy indikator va 21 ta subindikator asosida kompleks indeks orqali baholandi. Unda iqtisodiy farovonlik, demografik barqarorlik, sog‘lom hayot, ta’lim imkoniyatlari, bandlik, davlat xizmatlaridan qoniqish, oilaviy qadriyatlar hamda umumiy baxt hissi kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.
Natijalarga asosan, 2026-yilda O‘zbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich metodologiyaga ko‘ra “yuqori” darajani anglatadi va so‘nggi yillarda barqaror o‘sish dinamikasini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlanishicha, indeks o‘tgan 2023-yilda 0,560, 2025-yilda 0,611, 2026-yilda esa 0,618 ballga yetgan. Bu esa davlat tomonidan oilani qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni kuchaytirish va turmush sifatini yaxshilash borasidagi islohotlar samarasini aks ettiradi.
Tadqiqotlar esa bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatmoqda: mamlakatimizda oila instituti izchil mustahkamlanib bormoqda, odamlarning hayot sifati va baxt hissi yildan-yilga oshmoqda. Bu esa har bir uydagi kichik baxtlar yig‘indisi katta jamiyat baxtiga aylanib borayotganini anglatadi.
Baxt — bu katta yutuqlar emas, balki oila bag‘ridagi tinchlik, bir dasturxon atrofidagi samimiy suhbat va yaqinlar mehrini his qilish. Shu ma’noda, baxtli jamiyat — baxtli oilalardan boshlanadi, baxtli oilalar esa mehr va qadr bilan yashaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA