O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida kritik minerallar sohasida hamkorlik kengaymoqda
Asrlar davomida umumiy tarix va qadriyatlar bilan chambarchas bog‘langan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda eng yuqori bosqichga ko‘tarildi. Ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari endilikda nafaqat diplomatik aloqalar, balki global miqyosda strategik ahamiyatga ega iqtisodiy loyihalar orqali yanada mustahkamlanmoqda.
Xususan, hamkorlik iqtisodiyotning zamonaviy va muhim yo‘nalishi — kritik minerallar sohasida yangi bosqichga chiqqani bilan alohida e’tiborga loyiq.
2025-yil yakunlari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan davr bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aylanma 3 milliard AQSH dollaridan oshdi. Turkiya tomonidan jalb etilgan investitsiyalar hajmi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 2,2 mingdan ortiq turk kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritmoqda, haftasiga esa 100 ga yaqin aviaqatnov amalga oshiriladi. Ushbu rakamlar ortida umumiy qiymati 9 milliard dollardan ziyod yangi investitsiya loyihalari turibdi.
Xozirda jahon iqtisodiyoti “yashil energiya” va yuqori texnologiyalar sari jadal o‘tayotgan bir paytda, kritik minerallar — volfram, molibden, grafit, litiy kabi resurslarning ahamiyati keskin ortmoqda. O‘zbekiston va Turkiya bu yo‘nalishda nafaqat xomashyo yetkazib beruvchi, balki to‘liq texnologik zanjirni shakllantiruvchi hamkorlar sifatida maydonga chiqmoqda.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati 2024-yilda tashkil etilgani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan mazkur tuzilma bugungi kunda Turkiya bilan hamkorlikda volfram, molibden, selen, tellur va reniy kabi noyob metallarni chuqur qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda.
Shuningdek, Turkiyaning nufuzli OSTIM sanoat markazi bilan hamkorlikda “Kelajak metallari texnoparki” hamda ilmiy-tadqiqot (R&D) markazlarining tashkil etilishi hamkorlikning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi loyihalar allaqachon amaliy bosqichga o‘tgan. Jumladan, ODAS Enerji bilan hamkorlikda surma eritish zavodi, Argetest kompaniyasi bilan zamonaviy laboratoriya tahlillari, Sinter Metal Technologies bilan esa kukunli metallurgiya sohasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur loyihalar O‘zbekistonning boy tabiiy resurslarini Turkiyaning ilg‘or texnologiyalari va jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi kritik minerallar sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi iqtisodiy modelni shakllantirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi ushbu strategik hamkorlik uzoq muddatli manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan bo‘lib, kelajakda butun mintaqaning barqaror rivojlanishi va xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA