Qarzdorlik garovdagi noturar bino hisobiga qoplandi
Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasining Alohida muhim ijro ishlarini ijro etish sho‘’basi tomonidan qarzdorlikni undirishga oid ijro hujjati ko‘rib chiqildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor «E.l. P» MCHJdan undiruvchi bank foydasiga 485 million 462 ming so‘m qarzdorlikni undirish belgilangan. Shuningdek, undiruvni garovga qo‘yilgan noturar binoga qaratish nazarda tutilgan.
Ijro hujjati kelib tushgan kuniyoq ijro ishi qo‘zg‘atilib, qonunchilik talablariga muvofiq qarzdorga qarzni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun muddat berilgan. Biroq, belgilangan vaqtda qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli majburiy ijro choralari ko‘rilgan.
Jarayonda garovga qo‘yilgan noturar bino belgilangan tartibda auksion savdosiga chiqarilgan. Natijada qarzdorlik to‘liq qoplanib, undirilgan mablag‘lar undiruvchi bank foydasiga o‘tkazilgan.
Shu tariqa, sud hujjatida belgilangan majburiyatlar ijrosi ta’minlanib, 485 million 462 ming so‘m qarzdorlik to‘liq undirildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA