Pedagoglarning tibbiy ko‘rigini muntazam tashkil etish vaqti keldi ...
Ta’lim sifati haqida gap ketganda, odatda darsliklar, pedagoglarning malakasi, zamonaviy texnologiyalar, maktablarning moddiy-texnik bazasi va o‘quvchilarning bilim darajasi haqida so‘z yuritamiz. Biroq ta’lim jarayonining eng muhim ishtirokchilaridan biri bo‘lgan pedagogning sog‘lig‘i masalasiga ham yetarlicha e’tibor qaratish zarur.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, pedagoglarda yuqori ruhiy zo‘riqish, ko‘p vaqt davomida oyoqda turish va ovoz paychalarining tinimsiz ishlashi natijasida o‘ziga xos kasb kasalliklari rivojlanadi. Shu sababli pedagoglarning majburiy tibbiy ko‘rigini tashkil etish, uni raqamlashtirish va ushbu jarayon ustidan nazoratni yanada takomillashtirish ta’lim sifati hamda ehtimoliy korrupsion xavflarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida mamlakatimizda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. Ushbu ta’lim tashkilotlarida 577,7 ming nafar o‘qituvchi mehnat qilgan.
Bu raqamlar ortida yuz minglab insonlarning kundalik mehnati va millionlab o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi turibdi. Shunday ekan, pedagogning sog‘lig‘ini nazorat qilishni faqat tibbiyot tizimining vazifasi sifatida emas, balki ta’lim sifati, o‘quvchilar xavfsizligi, mehnat unumdorligi va inson kapitali bilan bog‘liq masala sifatida ko‘rish lozim.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi O‘zXDP deputati Muhsiddin Nizomiddinov fikriga ko‘ra, umumta’lim maktablarining pedagoglari majburiy davriy tibbiy ko‘rikdan yiliga bir marta o‘tishi belgilangan. Mazkur talabning asosiy maqsadi shunchaki “sog‘lom” degan ma’lumotnoma olish emas, balki pedagog salomatligidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, zarur tibbiy tavsiyalar berish va tegishli choralarni ko‘rishdan iborat.
Shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: pedagogning qo‘lida tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjat bo‘lishi uning haqiqatan ham barcha zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tganini anglatadimi?
Aynan shu savol majburiy tibbiy ko‘rik tizimini yanada takomillashtirish zaruratini ko‘rsatadi. Bu yerda masala ma’lumotnomaning o‘zida emas, balki uni rasmiylashtirish jarayonining qanchalik shaffof va ishonchli tashkil etilganidadir. Agar pedagog tibbiyot muassasasiga amalda bormasdan yoki zarur tekshiruvlarning barchasidan o‘tmasdan turib tegishli tibbiy xulosaga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lsa, tibbiy ko‘rikning asl maqsadi to‘liq ta’minlanmasligi mumkin.
– Ayrim holatlarda norasmiy to‘lovlar orqali belgilangan tartibni chetlab o‘tish imkoniyati paydo bo‘lishi ham korrupsion xavf nuqtai nazaridan e’tiborga molik masaladir, – deydi deputat Muhsiddin Nizomiddinov. – Bu yerda gap 50, 100 yoki 150 ming so‘m kabi mablag‘ miqdorida emas. Asosiy e’tiborni qonuniy va belgilangan tartib o‘rniga norasmiy usullarga murojaat qilish amaliyoti shakllanib qolishining oldini olishga qaratish lozim.
Korrupsion xavflar har doim ham katta mablag‘lar bilan bog‘liq bo‘lavermaydi. Ayrim holatlarda “shu ishni tezroq bitirish uchun ozgina pul berib qo‘ya qolay” degan yondashuv ham qonuniy tartiblarni chetlab o‘tishga nisbatan murosali munosabatni shakllantirishi mumkin. Bunday holatlar takrorlanishi esa vaqt o‘tishi bilan tizimda ishonch va shaffoflikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Shu sababli maishiy korrupsion xavflarning oldini olish faqat yirik korrupsion holatlarga e’tibor qaratish bilan cheklanmasdan, kichik ko‘ringan, ammo takrorlanishi natijasida tizimli muammoga aylanishi mumkin bo‘lgan holatlarni ham barvaqt aniqlash va bartaraf etishni talab qiladi.
Masalaning yana bir muhim tomoni ushbu jarayonning ta’lim sifatiga ehtimoliy ta’siridir. Albatta, tibbiy ko‘rikdan sifatli o‘tmagan har bir pedagogning dars sifati past bo‘ladi, degan xulosaga kelish to‘g‘ri emas. Biroq sog‘liq bilan bog‘liq ayrim muammolar o‘z vaqtida aniqlanmasa, insonning ish qobiliyati va kundalik faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin.
Doimiy charchoq, ovoz bilan bog‘liq muammolar, turli kasalliklar, ruhiy zo‘riqish va boshqa sog‘liq muammolari pedagogning kasbiy faoliyatida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi ehtimoli mavjud. Shu nuqtai nazardan, pedagog salomatligi, uning mehnat qobiliyati va dars jarayoni samaradorligi o‘rtasida muayyan bog‘liqlik mavjud.
Demak, tibbiy ko‘rikni sifatli, shaffof va zamonaviy talablar asosida tashkil etish nafaqat pedagoglar salomatligini muhofaza qilish, balki ta’lim sifati, o‘quvchilar xavfsizligi va tizimdagi ishonchni mustahkamlashning ham muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda yana bir muhim masalani o‘rtaga qo‘yish lozim: pedagog tibbiy ko‘rikdan belgilangan tartibda va to‘liq ravishda o‘tdimi? Qog‘oz shaklidagi ma’lumotnoma bu savolga har doim ham to‘liq javob bermasligi mumkin. Pedagog tibbiyot muassasasiga borganmi? Barcha zarur shifokor ko‘rigidan o‘tganmi? Laboratoriya tekshiruvlarini topshirganmi? Tibbiy xulosa aynan shu shaxsga tegishlimi? Boshqa shaxsning uning o‘rniga ko‘rikdan o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaganmi?
Shu nuqtai nazardan, nazoratning asosiy mezoni faqat “ma’lumotnoma mavjudligi” emas, balki “tibbiy ko‘rikning amalda va belgilangan talablar asosida o‘tkazilgani” bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Bu borada zamonaviy raqamli texnologiyalar yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Masalan, “Elektron pedagog tibbiy ko‘rik” tizimini joriy etish orqali har bir pedagogning majburiy tibbiy ko‘rigi yagona elektron tizimda qayd etilishi mumkin. Unda ko‘rikdan o‘tgan sana, tibbiy muassasa, zarur tekshiruvlarning bajarilganligi va navbatdagi ko‘rik muddati kabi ma’lumotlar elektron tarzda yuritilishi mumkin.
Bunda, albatta, pedagogning tibbiy siri va shaxsiy ma’lumotlari qat’iy himoya qilinishi shart. Maktab rahbariyatiga pedagogning tashxislari yoki boshqa maxfiy tibbiy ma’lumotlarini taqdim etish talab etilmasligi kerak. Unga faqat pedagogning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi hamda navbatdagi ko‘rik muddati haqidagi zarur ma’lumotni ko‘rsatishning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin.
Elektron tizimning yana bir muhim jihati — pedagog shaxsini ishonchli identifikatsiya qilish imkoniyatidir. Tibbiyot muassasasiga kelgan shaxsning ID-karta yoki boshqa qonuniy identifikatsiya vositasi orqali shaxsi tasdiqlansa, bir pedagog o‘rniga boshqa shaxsning ko‘rikdan o‘tishi ehtimolini kamaytirish mumkin.
Jarayonni nisbatan sodda tartibda tashkil etish mumkin: pedagog shaxsini tasdiqlaydi, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, tegishli natijalar elektron tizimga kiritiladi va ta’lim tashkilotiga ko‘rikdan o‘tilganligi to‘g‘risida elektron tasdiq yuboriladi.
Bunday yondashuv qog‘ozbozlikni kamaytirish, inson omiliga bog‘liq ayrim jarayonlarni qisqartirish va nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Masalaning moliyaviy jihati ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Yiliga yuz minglab pedagog majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan tizimda davlat mablag‘laridan foydalanishning shaffofligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bir yilda qancha pedagog tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, buning uchun qancha mablag‘ sarflangani, bir nafar pedagog uchun o‘rtacha xarajat qancha bo‘lgani va xizmatlarni qaysi tibbiyot muassasalarida ko‘rsatgani haqidagi umumlashtirilgan statistik ma’lumotlarni ochiqlash jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, pedagoglarning yillik tibbiy ko‘rigini yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayoni bilan muvofiqlashtirish imkoniyatini huquqiy va tashkiliy jihatdan o‘rganish ham maqsadga muvofiq. Bunda asosiy maqsad pedagogga qo‘shimcha byurokratik yuklama yuklash emas, balki yangi o‘quv yilini tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tgan pedagoglar bilan boshlash uchun qulay sharoit yaratishdan iborat bo‘lishi kerak.
Muammoni takomillashtirish yo‘nalishida, avvalo, pedagoglarning majburiy tibbiy ko‘rigini elektron nazorat qilish imkonini beruvchi yagona tizim yaratish, tibbiy ko‘rikka kelgan pedagogning shaxsini ishonchli identifikatsiya qilish, qog‘oz ma’lumotnomalardan elektron tasdiqlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish, navbatdagi ko‘rik muddati yaqinlashganda avtomatik elektron xabarnoma yuborish, ehtimoliy qoidabuzarlik va korrupsion xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron monitoring mexanizmlarini joriy etish hamda davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tibbiy ko‘riklar bo‘yicha umumlashtirilgan statistik ma’lumotlarni ochiqlash kabi choralarni ko‘rib chiqish mumkin.
Bugun maktablarda elektron kundalik, elektron hujjat aylanishi va raqamli ta’lim texnologiyalari tobora rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, pedagoglarning majburiy tibbiy ko‘rigini ham zamonaviy raqamli tizimga o‘tkazish masalasini kun tartibiga qo‘yish vaqti kelgan, deb hisoblash mumkin.
Chunki masala faqat “tibbiy ma’lumotnoma bormi?” degan savol bilan cheklanmasligi kerak. Asosiy e’tibor “pedagog tibbiy ko‘rikdan haqiqatan ham o‘tdimi?” degan savolga ishonchli va shaffof javob berish imkoniyatini yaratishga qaratilishi lozim.
Bunday tizimning joriy etilishi, avvalo, tibbiy nazorat sifatini oshirish, qog‘ozbozlikni kamaytirish, shaxsni identifikatsiya qilish bilan bog‘liq jarayonlarni takomillashtirish va turli qoidabuzarliklarning oldini olishga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, ehtimoliy maishiy korrupsion xavflarni kamaytirish uchun ham qo‘shimcha sharoit yaratiladi.
Eng muhimi, bunday yondashuv pedagoglarning sog‘lig‘ini o‘z vaqtida nazorat qilish, ular uchun qulay va shaffof jarayonni shakllantirish hamda ta’lim tizimida raqamlashtirish imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA