O‘zbekiston kubogi: «Neftchi» «Paxtakor»ni musobaqadan chiqarib yubordi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida kunning markaziy bahsi «Neftchi» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida kechdi. Qiziqarli va murosasiz o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bahs davomida har ikki jamoa ham hisobni ochish uchun bir qator imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Biroq uchrashuv taqdirini 81-daqiqada «Neftchi» hujumchisi Stipe Peritsaning aniq zarbasi hal qildi.
Shu tariqa, «Paxtakor» musobaqadagi ishtirokini 1/8 finalda to‘xtatgan bo‘lsa, «Neftchi» keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Yana bir uchrashuvda «Surxon» o‘z maydonida «Guliston»ni qabul qildi. Bahsda mehmonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona gol 52-daqiqada Asilbek Umrzaqov tomonidan kiritildi.
1/8 finalning qolgan ikki uchrashuvi 30-avgust kuni o‘tkaziladi. Unda «So‘g‘diyona» — «QMU Jayxun» va «Navbahor» — «Nasaf» jamoalari chorak final yo‘llanmasi uchun bahs olib boradi.
Qolgan uchrashuvlar esa 15 va 16-sentabr kunlariga belgilangan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA