Mariya Timofeyeva "US Open-2026"dagi ilk raqibini bilib oldi
US Open-2026 turnirining asosiy bahslari oldidan o‘zbek tennischilarining dastlabki raqiblari aniqlandi. Yuqori mukofotli ushbu musobaqada ularni qanday sinovlar kutmoqda?
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “US Open-2026” turnirining saralash bahslari yakunlanib, asosiy to‘rga yo‘l olgan tennischilar nomi aniqlandi.
Mukofot jamg‘armasi 108 million AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqaning ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy to‘rdan ishtirok etadigan hamyurtimiz Mariya Timofeyeva birinchi davrada sloveniyalik Tamara Zidanshekka qarshi maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, “US Open-2026”da O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova ham ishtirok etmoqda. U musobaqadagi ilk uchrashuvini chexiyalik Barbora Kreychikovaga qarshi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, “US Open-2026” turnirining ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida birinchi davrada mag‘lub bo‘lgan tennischi 140 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puliga ega bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA