OTB vakillari Qoraqalpog‘istondagi yirik loyihalar bilan tanishdi
Joriy yilning 14-16-oktabr kunlari Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda "Qoraqalpog‘iston Respublikasida Osiyo taraqqiyot banki kunlari” media-missiyasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad - OTBning O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan hamkorligi natijalarini, shuningdek, suv resurslarini boshqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror infratuzilmani rivojlantirish sohalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasida erishilgan taraqqiyot natijalari va hamkorlikning ijobiy ta’sirini keng yoritishdan iborat.
Ta’kidlanganidek, Osiyo taraqqiyot bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan hamkorligi 2025-yil may oyida imzolangan strategik o‘zaro anglashuv memorandumiga asoslanadi. 2026-yil 1-mayda O‘zbekiston Respublikasi va OTB o‘rtasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik memorandumi imzolangandan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi va OTB o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumini ham yangilash zarurati yuzaga keldi. Mintaqadagi hamkorlik uzoq tarixga ega. 2001-yilda suv ta’minoti loyihasi Nukus shahri va Beruniy tumanini qamrab oldi. 2002-yilda esa G‘arbiy O‘zbekiston qishloq suv ta’minoti loyihasi qurg‘oqchilik va Orol dengizi tanazzuli oqibatlaridan zarar ko‘rgan Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Energetika sohasida Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va Shimoli-g‘arbiy hudud elektr tarmoqlarini mustahkamlash qo‘llab-quvvatlandi. Hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari energetika, transport, suv ta’minoti va shaharlarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
[gallery-32011]
Qoraqalpog‘istonning qurg‘oqchil sharoitida xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish alohida ahamiyatga ega. Yer usti suvlari tanqisligi, yer osti suv manbalarining nochorligi va infratuzilmaning eskirgani loyihani ishlab chiqishga asos bo‘ldi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 145,0 million dollarlik “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilib, Qorao‘zak, Beruniy, Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarida suv taqsimlash inshootlari va suv tarmoqlarini qurish hamda Amudaryo tumanidagi “Mang‘it” suv tozalash inshootini qurish ishlari olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida Orolbo‘yidagi yirik ob’ektlardan biri Amudaryo tumanidagi “Mang‘it” suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 167,7 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida ob’ekt to‘liq rekonstruksiya qilinib, sutkasiga 40 ming kub metr suvni tozalash quvvati yaratildi. Shuningdek, loyiha doirasida 3 ta ichimlik suvi inshooti va 300 kilometrdan ziyod suv tarmog‘i yangilandi. Ushbu bunyodkorlik ishlari natijasida Amudaryo tumanida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 80 foizga yetkazildi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (CAREC) 2-yo‘lagi doirasidagi Qoraqalpog‘iston avtomobil yo‘li loyihasi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A380 “G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilish orqali mintaqaviy savdo va transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan yirik infratuzilma tashabbusidir. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamda O‘zbekiston hukumati hamkorligida moliyalashtirilmoqda. Ushbu dastur doirasida Qoraqalpog‘iston hududida asosiy ikkita yirik loyiha bosqichi amalga oshirilmoqda. Jumladan, modernizatsiyalash va Iqlim barqarorligi loyihasi umumiy hisobda A380 magistralining 87 kilometrlik qismini tashkil etadi. Shundan 75 kilometr uzunlikdagi yangi To‘rtko‘l – Ellikqal’a – Beruniy aylanma avtomobil yo‘li qurilishi va mavjud yo‘lning 12 kilometr qismini to‘liq rekonstruksiya qilishdan iborat.
Nukus-2 shamol elektr stansiyasi va akkumulyatorli energiya saqlash tizimi loyihasi quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi va sig‘imi 100 MVt·soat bo‘lgan akkumulyatorli energiya saqlash tizimi qurishni nazarda tutadi. U qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qazilma yoqilg‘i manbalarini almashtirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan. Elektr energiyasini tarmoqqa uzatish uchun 44 kilometr uzunlikdagi havo elektr uzatish liniyasini qurish, 220 kV taqsimlash qurilmasi va Beruniy podstansiyasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim rahbarligidagi delegatsiya va jurnalistlar suv ta’minoti, transport infratuzilmasi va qayta tiklanuvchi energetika loyihalari bilan tanishdi. Mazkur infratuzilmaga yo‘naltirilgan investitsiyalar hudud rivoji, aholining farovon hayotini ta’minlashdagi ahamiyatining guvohi bo‘ldi. O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi yaqin 4 yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi mamlakatimiz, shu jumladan, Orolbo‘yida amalga oshiriladigan yangi yirik loyihalarga mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA