Faollik fazilati
Munavvarlarimiz
O‘zbekistonimizning taniqli so‘zshunoslaridan biri, tarjimon, mohir pedagog, filologiya fanlari doktori, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30 yil”, “Birinchi darajali mehnat faxriysi” ko‘krak hamda “Zarafshon” gazetasining 100 yilligi” esdalik nishonlari sohibi, Turon Fanlar akademiyasining akademigi Ibodulla Kamolovich Mirzayev haqida o‘ylaganda ko‘ngildan shunday fikrlar kechdiki, keling, avval shuni bayon qilay.
...Toshkent – Buxoro poyezdida ketilayotgan edi. Doktorant yigit bilan bir kupega tushib qolibmiz. Ishlaridan gapirdi. Portfelidan uchta maqolasini chiqarib ko‘rsatgan bo‘ldi. Ko‘rib, bittasini tanladim-da: “Kamina “Naqshbandiya” jurnalining bosh muharririman. Shu maqolangizni chiqarib beramiz”, – dedim. Quvonib ketdi. Ammo bu xursandchiligi uzoqqa bormadi. Jurnalimiz Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) ro‘yxatiga kiritilmaganini eshitib, maqolasini qaytarib olsa bo‘ladimi! Chunki dissertatsiyasini yoqlashi uchun OAK ro‘yxatidagi jurnalda kamida ikkita maqola chiqarishi kerak-da. U bu maqolalarini xalq o‘qishi uchun bitmagan. Ular dissertatsiyasini yoqlashi uchungina xizmat qilsa, bo‘ldi unga. Undan u yog‘i bu yigitni mutlaqo qiziqtirmaydi. Keyin bir o‘quv qo‘llanmasi yoki darslikcha chiqarib, dotsent bo‘lib oladi. Xullas, u faqat va faqat ilmiy daraja va unvon olish uchungina yozadi, vassalom.
Bu yigit – tadqiqotchilar orasida yakkayu yagona, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Ko‘p. Yarmidan ham ko‘p. To‘rtdan uchidan ham ko‘p bo‘lsa, ajab emas... Albatta, muqaddas dinimizda: “Hammasi – niyatga bog‘liq”, – degan qarash bor. Bunaqalar tezroq fan nomzodi (yoki falsafa doktori), dotsent, fan doktori, professor ham bo‘ladi. Bo‘laversin ham. Qandini ham ursin. Afsuski, ularning aksariyati ana shu ilmiy daraja va unvon uchun yozganidan tashqari narsasi bilan elga tanila olmaydi.
Biroq shunday olimlar borki, ular qaysi mavzuda nomzodlik (yoki falsafa doktori) qaysi mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganini ham bilmaysiz. Xalq uchun shunday ko‘p ilmiy mahsulot yaratadiki, u yoki bu dissertatsiyasi ular orasida tadqiqotlaridan birigina bo‘lib qoladi, xolos. Bundaylar uchun ilmning o‘zi – ko‘proq qiziq, foydali faoliyat – muhimdan-muhim. Qaysi kitobi ketidan qanday naqd foyda kelishi esa bosh masala emas. Yaxshi bilishadiki, yaratilgan har qanday chinakam ilmiy tadqiqotning o‘z taqdiri, o‘rni va ahamiyati, tabiiyki, muallifiga keltiradigan shon-sharafi bo‘ladi. Chunki har bir ishning bahosini el beradi. Chunki ilm xalq uchun xizmat qilishi kerak.
O‘zi ilm kishisining hayot yo‘lini bir nafasdayoq aytib o‘tish mumkin. Chunki baho berishning tappa-tayyor mezonlari shakllangan. Qayerda o‘qigani, ustozlari, yoqlagan dissertatsiyalari, boshqa ilmiy-metodik ishlari, pedagogik faoliyati, shogirdlari va hokazolarni sanaysiz, manzara oydinlashadi-qoladi.
Qahramonimiz 1946-yil 2-yanvarida Surxondaryo viloyatining hozirgi Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat universiteti (1962 – 1967), hozirgi Sankt-Peterburg davlat universiteti aspiranturasi (1971 – 1974) va doktoranturasida (1987 – 1989) tahsil olgan. Sank-Peterburgda nomzodlik (1975), Toshkentda (1992) doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Olim o‘zi ishlayotgan SamDU “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasida ilmiy tarjima laboratoriyasiga asos soldi. U atoqli sharqshunos, sobiq Ittifoq FA muxbir a’zosi, professor Ye. E. Bertelsning “Navoiy va Jomiy” monografiyasi, “Navoiy va Attor” risolasini o‘zbek tiliga o‘girdi. Ochig‘i, bugun mumtoz o‘zbek adabiyotini tadqiq etayotganlar soni ko‘paygandan ko‘payib boryapti. Ammo ular orasida rus tilini puxta-pishiq bilmaydiganlari ham – anchagina. Ye. E. Bertelsning bu asarlarini o‘qimay turib navoiyshunoslikka kirishishni esa tasavvurga keltirib bo‘lmaydi. Bundan buyon rus va boshqa xorij navoiyshunoslarining barcha muhim ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga o‘girishimizga to‘g‘ri keladi. Aks holda ulardan unumli foydalanish imkoniyati kamayib ketadi.
Taniqli rus tilshunosi V. G. Gakning “Fransuz tili nazariy grammatikasi”, “Rus va fransuz tillarining qiyosiy tipologiyasi” darsliklarini o‘zbek tiliga, Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” risolasini fransuz tiliga tarjima qildi. U N. Nekrasov, N. Gumilev, A. Voznesenskiy, S. Yesenin, V. Visotskiy kabi rus, Gi de Mopassan, A. Kamyu, G. Appoliner, E. Po singari fransuz va ingliz shoir hamda yozuvchilarining asarlarini o‘zbekchalashtirgan. Shuningdek, o‘zining “Talpinib yashadim senga, Quyoshim”, “Nurlar og‘ushida” nomli she’riy va nasriy asarlar to‘plamlari chop etilgan.
Buyuk qozoq adibi Abay Qo‘nanboyevning “Qora so‘z” asarini professor Qozoqboy Yo‘ldoshev bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga tarjima qildi. Bunday savob ishlar turkiy xalqlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, adabiy aloqalarning yanada yuksalishi, oradagi do‘stlik va yaqin hamkorlik rishtalarining mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta. Asar ikki marta (2018, 2020) chop etildi. Keyingi nashrga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mard To‘qayevning “Abay va XXI asrda Qozog‘iston” sarlavhali maqolasi so‘zboshi o‘rnida berilgan.
Olimning jami 19 monografiya, 8 darslik, 12 o‘quv va uslubiy qo‘llanma, 600 dan ziyod ilmiy maqolasi chiqqan, u 10 dan ortiq dastur tuzgan. Uning dotsent M. Boltayev bilan hamkorlikda yozilgan “O‘zbek tili” darsligi respublika ko‘rik-tanlovida faxrli ikkinchi o‘ringa munosib topilgan.
Uning tashabbusi bilan 1997-yili SamDUda “Filologiya” ilmiy to‘plamini chop etish yo‘lga qo‘yildi. Uning 13 jildiga o‘zi mas’ul muharrirlik qildi. U, shuningdek, OAK ro‘yxatiga kiritilgan “Alisher Navoiy” va “Til. Ta’lim.Tarjima” xalqaro elektron jurnallariga asos soldi.
O‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan har qanday olim mehnatidan jamiyat samarali foydalanadi. Professorimiz ko‘p yillardan beri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Termiz davlat universiteti, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, Navoiy davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Samarqand davlat pedagogika instituti, Kattaqo‘rg‘on pedagogika institutida fan va ta’limning dolzarb masalalari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. Shuningdek, u O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashlar, Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand davlat pedagogika institutidagi Ilmiy kengashlar huzuridagi Ilmiy seminarlar a’zosi, hozirgi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Uning ilmiy maslahatchiligida 12 fan doktori, ilmiy rahbarligida 22 fan nomzodi va falsafa doktori hamda 100 dan ortiq magistrlik dissertatsiyasi himoya qilingan.
Ayrim tilchilarimiz adabiyotdan, ba’zi adabiyotchilarimiz esa tildan uzoqroq bo‘ladi. Olimimizda ikkisini o‘zaro yaqin ko‘rish, o‘rtaga “xitoy” devori qo‘ymaslik bor. Bu esa unga lingvopoetika yo‘nalishida tadqiqotlar olib borish imkonini bergan. Albattaki, bunda ikki sohani ham yaxshi bilish taqozo etiladi. Lingvopoetikada badiiy matn ham til, ham adabiyot hodisasi sifatida o‘rganildimi, o‘z-o‘zidan, endi asarda shakl va mazmun uyg‘unligi masalasi oydinlashtiriladi.
Fanlar yoki ularning sohalari tutashganda sintez yuzaga keladi. Chog‘ishtirma tilshunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjimashunoslikning xoh til, xoh adabiyot yo‘nalishlarida ham aynan ana shunday ko‘pqirralilik yuzaga chiqadi. Olimimizning, ona tilimizdan tashqari, tojik, rus, fransuz, ingliz tillarini bilishi uning ilmiy faoliyatida diapozon kengligini ta’minlab kelyapti. Til bilish – inson uchun juda katta boylik. Lekin til bilish bilan til bilishning orasida Yer bilan osmoncha farq bor. O‘zga bir lisonni undagi matnni tarjima qilish darajasida bilish yuksak professionallik talab qiladi.
Eng muhimi, qahramonimiz – o‘ta faol olimlarimizdan. Keling, kamida, uning keyingi to‘rt-besh yildagi faoliyatiga bir nazar tashlaylik.
G. T. Nurova bilan hamkorlikda yozgan “Rossiyada Alisher Navoiy hayoti va ijodining o‘rganilishi” (M i r z a ye v I. K., N u r o v a G. T. Izucheniye jizni i tvorchestva Alishera Navoi v Rossii. Avtorizovannnыy perevod s angliyskogo yazыka. – Minsk: Alfa-kniga, 2022) monografiyasining ahamiyati shundaki, bu masala hozirgacha monografik tarzda tadqiq etilmagan edi. Holbuki, bu buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri hayoti va ijodini o‘rganishda rus olimlarining hissasi – juda katta. Ochig‘ini aytganda, shoir ijodi namunalari dunyoning hech bir tiliga hali ruschaga o‘girilgani darajasida tarjima qilingani ham yo‘q. Tavalludiining 525 yilligi (1968) munosabati bilan Toshkent rus tilida uning “Asarlar”i 10 jildligi chop etilgan.
Mazkur monografiya, “Kirish”, “Xulosa”, “Bibliografiya”dan tashqari, “Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy Rossiya sharqshunosligida”, “Rossiyada navoiyshunoslikning mintaqaviy sohalari” hamda “Rossiya navoiyshunosligining munozarali masalalari” deb nomlangan uch bobdan tashkil topgan.
Bu kitob – bundan buyon Afg‘oniston, Ozarboyjon, Turkiya, Turkmaniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlarda Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishni ana shunday monogrfik asosda o‘rganish uchun o‘ziga xos bir yo‘nalishni boshlab bergani bilan diqqatga sazovor.
I. Mirzayev, M. Narziyeva va M. Ubaydullayevalarning “Filologik tahlil asoslari” (Toshkent: Bookmany print, 2024) darsligi orqali filolog talabalarda matn va uning o‘ziga xos xususiyatlari, badiiy asarni lisoniy-poetik jihatdan to‘g‘ri tahlil va talqin qila olish malakasini shakllantirishga xizmat qiladi. Kitob “Muqaddima” va “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati”dan tashqari, “Nazariy qism”, “Amaliy qism” va “Badiiy matn tahlillaridan namunalar”ga bo‘lingan. Dastlabki ikki qismda jami 18 dars mavzusi yoritilgan.
Filologiya, bilamiz, tilshunoslik va adabiyotshunoslikka bo‘linadi. Biroq badiiy matn tahlili kishidan ham tilshunos, ham adabiyotshunos bo‘lishni taqozo etadi. Fanning bu sintetik yo‘nalishi “lingvopoetika” deyiladi. Ibodulla domla mamlakatimizdagi ana shu yo‘nalishning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri hisoblanadi.
Olimning “Tahliliy o‘qish” (Toshkent: Bookmany print, 2025) darsligi ham aynan lingvopoetika sohasiga bag‘ishlangan. Bu nashrda matnni tilshunoslik va adabiyotshunoslik yutuqlari asosida tahlil qilish namunalari berilgan. Undan talabalar filologiyaning ana shu ikki asosiy yo‘nalishi bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar oladi. Qo‘shimcha o‘qish uchun kitobga tayyor materiallar ham ilova qilingan. Hozirgi paytda shu darslik asosida SamDU va uning Kattaqo‘rg‘on filialida, TerDU, TerDPI, Denov DTPI dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
O‘tgan yili olim Vladimir Grigorevich Gakning “Fransuz va rus tillarining qiyosiy tipologiyasi” monografiyasini o‘zbek tiliga o‘girib, qayta ishlangan uchinchi nashrini chiqardi (Toshkent: Bookmangu print, 2025). Qiyosiy tilshunoslik mutaxassislari uchun bu juda muhim dastur il-amal hisoblanadi.
Olim badiiy tarjimaga ham qo‘l urdi. XX asr fransuz adibi A. Dotelning “O‘rmon yog‘dusi” romani uning tarjimasida o‘zbek tilida chop etildi (Toshkent: Bookmangu print, 2025). Asarda Fransiya o‘rmonlarini asrab-avaylash mavzusi ko‘tarilgan.
Xullas, SamDUning “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi shunday professori bilan har qancha faxrlansa, arziydi.
Psixologiyada: “Rejasizlik qarilikni kuchaytiradi”, – degan qarash mavjud. Axir, kuni faollik bilan o‘tayotgan kishining qarilikni o‘ylashga vaqti qolmaydi-da. Ibodulla domla shu kunlarda yaqinda yozib tugatgan, yangicha qarashlarga boy bo‘lgan 30 bosma taboqli “O‘zbek tilining nazariy grammatikasi” kitobini nashr ettirish tashvishlari bilan yelib-yugurib yuribdi. U o‘qigan, bir umr mehnat qilib kelayotgan universitet esa 11-12-sentabr kunlari domla tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan “Tilshunoslik, tarjimashunoslik va lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjumanga katta hozirlik ko‘rmoqda. Axir, unga ishtirok etish uchun, mamlakatimizning taniqli-taniqli olimlari bilan birga, xorijdan ham ko‘p mehmonlar kelishi kutilyapti.
Faollik fazilati Sizni hech qachon tark etmasin, Ibodulla ustoz!
Umringiz yanada uzoq bo‘lsin!
Ilm-ma’rifat yo‘lida xalqqa sidqidildan xizmat qilishdan aslo charchamang!
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori, Toshkent amaliy fanlar universiteti professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi