IIV: kiberjinoyatlar muntazam tahlil qilinib, raqamli dalillar bilan ishlash samaradorligi oshiriladi
Ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda davlatimiz rahbarining qaror va topshiriqlaridan kelib chiqib belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov boshqargan yig‘ilishda vazir o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat boshliqlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida joylardagi kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoit va omillarni barvaqt aniqlash, har bir mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish hamda profilaktik choralarning ta’sirchanligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish, giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va bu borada aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Kun tartibidagi yana bir muhim masala – kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish va fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili ko‘rib chiqildi.
Ushbu yo‘nalishdagi faoliyat natijalari, mavjud kamchiliklar va ularning sabablari muhokama qilinib, kiberjinoyatlarning yangi usullarini aniqlash, fuqarolarning raqamli xavfsizligini ta’minlash, aholi o‘rtasida profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish, jumladan, «APK qoʻriqchi» dasturini keng targ‘ib qilish hamda sodir etilgan jinoyatlarni tezkor fosh etish borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, raqamli dalillar bilan ishlash samaradorligini oshirish va jinoyatlarni sodir etish usullarini muntazam tahlil qilib borish muhimligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, fuqarolarning bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, internet orqali sodir etiladigan firibgarliklar haqida aholini o‘z vaqtida ogohlantirish hamda bunday jinoyatlardan jabrlanish holatlarini kamaytirishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilanib, ularning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish topshirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA