Oromgohlar bolalarni bag‘riga chorlamoqda
Yozgi ta’til — bolalar uchun nafaqat hordiq chiqarish, balki yangi do‘stlar orttirish, iqtidorini namoyon etish va sog‘lig‘ini mustahkamlash imkoniyatidir. Shu bois har yili mamlakatimizda o‘quvchilarning dam olishini mazmunli tashkil etish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biri sifatida qaraladi.
Jizzax viloyatida ham bu yilgi yozgi mavsumga tayyorgarlik ishlari yuqori mas’uliyat bilan amalga oshirildi. 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kunidan boshlab, minglab o‘g‘il-qizlar oromgohlar bag‘riga yo‘l olmoqda. Bu esa oromgohlarning tayyorgarlik darajasi, xavfsizlik choralari va yaratilgan shart-sharoitlarga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Jizzax viloyati kengashi hamda viloyat hokimligi vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mavsum oldidan keng ko‘lamli ishlar bajarilgani ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilda viloyatda 9 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyat yuritadi. Rejaga ko‘ra, kasaba uyushmalari yo‘llanmalari asosida 4340 nafar, viloyat hokimligi dasturlari doirasida esa 5665 nafar o‘quvchining dam olishi va sog‘lomlashtirilishi ta’minlanadi. Bu raqamlar ortida minglab ota-onalarning ishonchi va bolalarning orzulari mujassam.

Sharof Rashidov, “Energy”, “Yulduzcha”, “Zomin”, “Zomin-Sunrise”, “Koinot”, “Jilg‘acha”, “Zangori olov” hamda “Kamolot” oromgohlarida qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va sanitariya ishlari amalga oshirildi. Ayrim oromgohlarda tashqi muhandislik tarmoqlarini yangilash, elektr ta’minotini yaxshilash va yo‘l infratuzilmasini tartibga keltirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilangan.


Xususan, Forish va G‘allaorol tumanlaridagi ayrim oromgohlarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash zarurati saqlanib qolmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur masalalarning hal etilishi bolalarni xavfsiz va qulay tashish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
E’tiborli jihati shundaki, mavsum boshlanishi arafasida oromgohlarda nafaqat binolar ta’mirlandi, balki ma’naviy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish va madaniy dasturlar ham shakllantirildi. Zero, zamonaviy oromgohlar faqat yotoqxona va oshxonadan iborat emas, balki bolaning shaxs sifatida kamol topishiga xizmat qiluvchi muhim tarbiya maskanlaridir.

Mavzu yuzasidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Begzod Qosimov bilan suhbatlashdik.
— Bugungi tayyorgarlik ishlarini qanday baholaysiz?
— Eng muhimi, viloyatimizdagi barcha oromgohlarda bolalarni qabul qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena va xavfsizlik ishlari reja asosida amalga oshirildi. Ayrim infratuzilma masalalari bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Biz uchun har bir bolaning xavfsizligi va mazmunli dam olishi ustuvor vazifa hisoblanadi.
— Bu yilgi mavsumning o‘ziga xos jihatlari nimada?
— Asosiy maqsadimiz bolalarning ta’til kunlarini qiziqarli va foydali tashkil etishdir. Shu bois har bir oromgohda sport musobaqalari, kitobxonlik kechalari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ijodiy tanlovlar va intellektual loyihalar rejalashtirilgan. Bolalar nafaqat dam oladi, balki yangi bilim va ko‘nikmalarga ham ega bo‘ladi.
— Ota-onalarga qanday murojaat qilgan bo‘lardingiz?
— Farzandlarimizning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi barchamizning umumiy maqsadimizdir. Shuning uchun ota-onalarni oromgohlar imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiraman. Bu maskanlar farzandlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun muhim maktab vazifasini o‘taydi.
Ayni kunlarda Jizzax viloyati kasaba uyushmalari kengashi tomonidan yozgi ta’tilga chiqqan o‘quvchilarni oromgohlarga kuzatish tadbirlari ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Dastlabki bosqichda Sharof Rashidov tumanidagi “Energy” oromgohiga 135 nafar, shu tumandagi Sharof Rashidov nomidagi oromgohga 100 nafar hamda Zomin tumanidagi “Yulduzcha” oromgohiga 150 nafar o‘g‘il-qiz yo‘l oldi.
Bolalarning safarga chiqishi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari kuzatuvi ostida tashkil etildi. Qolgan oromgohlarga ham bolajonlarni jo‘natish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Darhaqiqat, bolalarning baxtli kulgusi eshitilgan maskanda kelajakka ishonch mustahkam bo‘ladi. Jizzaxda yozgi mavsumga tayyorgarlik jarayonlari ana shu ezgu maqsad — barkamol avlod tarbiyasiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri