"O'zbekkosmos" ekologik texnologiyalarini namoyish etmoqda
Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarga zamonaviy texnologiyalar yordamida yechim topish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi soha mutaxassislari va innovatsion tashkilotlarni bir maydonga jamladi.

2–4-iyun kunlari Silk Road Samarkand majmuasining EXPO CENTER ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tayotgan mazkur ko‘rgazmada "O'zbekkosmos" agentligi hamda Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi o‘zining maxsus stendi bilan ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, geoaxborot tizimlari, dron monitoringi va sun’iy intellekt asosidagi zamonaviy yechimlar namoyish etilmoqda. Ushbu texnologiyalar ekologiya, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, o‘rmon xo‘jaligi hamda infratuzilma sohalarida samarali monitoring olib borish imkonini beradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kosmik monitoring va raqamli texnologiyalar atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni tezkor kuzatish, tahlil qilish va ekologik xavflarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma esa ushbu sohadagi ilg‘or ishlanmalarni namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va tajriba almashish uchun muhim maydon vazifasini bajarmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA