Vazir temir yo‘l tizimidagi yutuq va muammolarni aytib o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida transport vaziri Ilhom Mahkamovning «Temir yo‘l transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.
— Mamlakatimizda so‘nggi yillarda temir yo‘l transporti sohasi jadal rivojlantirilmoqda, logistika tizimi takomillashib, yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlari samaradorligi oshmoqda, — dedi vazir. — Xususan, 2023-2025-yillarda jami 338,7 km. uzunlikdagi yangi temir yo‘llari qurilgan. Elektrlashtirilgan temir yo‘llari ulushi 2023-yildagi 44,4 foizdan 2025-yilda 53 foizga yetkazilgan. 2025-yilda 174,1 km. temir yo‘l tarmoqlari joriy va kapital ta’mirdan chiqarilgan.

Yuk tashish borasida 2023-2025-yillarda temir yo‘l transporti orqali jami 317,9 mln. tonna yuk tashilgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, jami yuk tashish hajmi 107,9 mln. tonnani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 5,1 foiz o‘sish ta’minlangan.
2025-yilda yo‘lovchi tashish poyezdlariga elektron chiptalar sotish ulushi 40 foizdan 86 foizgacha oshirilgan. Yo‘lovchilarga chipta sotib olishda qulayliklar yaratish maqsadida respublika bo‘yicha Toshkent-Markaziy, Toshkent-Janubiy, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xiva, Urganch, Nukus, Andijon, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Termiz, Qarshi va Qo‘ng‘irot kabi vokzallarga 50 dan ortiq infokiosklar o‘rnatilgan.

Transport sohasiga xususiy sektorni jalb etish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, temir yo‘l vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifati va servis turlari sezilarli darajada kengaygan. 2023-yildan buyon respublika bo‘yicha 33 ta vokzalga jalb qilingan tadbirkorlar soni 90 tadan 270 tagacha oshgan.
2026-yil I choragi yakunlariga ko‘ra, temir yo‘l transporti xizmatlari hajmi 4,7 trln. so‘mga yetkazilib, 28,1 foiz o‘sish ta’minlangan. Shu davrda yuk tashish hajmi 28,0 mln. tonnani, yo‘lovchi tashish 3,1 mln. nafarni tashkil etgan, — dedi vazir.
Shuningdek, vazir Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazi tashkil etish bo‘yicha 300 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgani, loyiha doirasida 700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yiliga 1 million tonnadan ortiq konteynerlarni qayta ishlash imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanganidek, xalqaro ahamiyatga ega temir yo‘l liniyalari, jumladan qo‘shni davlatlar bilan bog‘lovchi yo‘llar bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan, 19 ta stansiya, 50 ta ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha 2030-yilgacha qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, vazir axboroti davomida sohada tez-tez ko‘tariladigan muammolarga ham to‘xtaldi. Jumladan, harakat tarkiblarining yetishmasligi, mavjud poyezdlar tarkibini to‘ldirish uchun 120 ta vagonga ehtiyoj borligi, yo‘lovchi poyezdlarda ma’nan eskirgan vagonlarning xizmat ko‘rsatishi, ulardagi sanitar holatlar, yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarga talab katta bo‘lganligi bois chipta yetishmasligi kabi muammolarni aytib o‘tdi. Qo‘shimcha yo‘lovchi tashuvchi poyezdlarni yo‘lga qo‘yish uchun yo‘l infratuzilmasi mavjud emasligi, vokzallarda servis xizmatining yetarlimasligi kabi masalalar ta’kidlandi.
Muhokamalarda xalq vakillari temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishda «yashil texnologiyalar» va elektrlashtirish ko‘lamini yanada kengaytirish, sohada raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash, temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilash kabi masalalarda o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Bir qator savollar ko‘tarildi va tegishli javoblar olindi.
Majlisda transport vazirining axboroti yuzasidan Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA