Orolbo‘yida yengil atletikani rivojlantirish istiqboli
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bojxona boshqarmasi mas’ullari, murabbiylar hamda sportchilar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Qutlimuratov federatsiya raisi etib saylandi.

Tadbirda yengil atletikani yanada rivojlantirish, sportchilarni tayyorlash jarayonlariga zamonaviy va ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish, sportni ommalashtirish, seleksiya tizimini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, sport maktablari faoliyatini muntazam o‘rganish, iste’dodli yosh sportchilarni saralab olish va sport zaxirasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” tizimi asosida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni bosqichma-bosqich yuqori natijalarga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Federatsiya rahbariyati tomonidan soha vakillarining taklif va muammolari tinglanib, ularni ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, federatsiya faoliyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida xarajatlarni homiylik mablag‘lari hisobidan ham qisman qoplash choralarini ko‘rish, sportchi yoshlarni rag‘batlantirib borish ta’kidlandi.
Tadbir yakunida sportchilarning xalqaro musobaqalar va Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishi, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishi hamda yuqori natijalarga erishishi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri