Motokross mohirlari bahslashdi
Musobaqa davomida ishtirokchilar turli toifalar bo‘yicha murakkab trassalarda o‘z mahoratini namoyon etdi. Tomoshabinlar yuqori tezlik, keskin burilishlar va qizg‘in raqobatga boy bahslarga guvoh bo‘lishdi.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumani Bahoriston mahallasida joylashgan mototrassada viloyat hokimligi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi, “Savanna” turizm kompaniyasi hamkorligida motosport bo‘yicha viloyat hokimi kubogi uchun IV xalqaro motokross chempionati o‘tkazildi.
65-xalqaro gullar festivali doirasida tashkil qilingan ushbu musobaqada mamlakatimiz hududlaridan tashqari, qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlari hamda Rossiya Federatsiyasidan kelgan yuzga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Turnirning tantanali ochilishi marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov, “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bilan bir qatorda turizm sohasi ham jadal rivojlanib borayotganligi, ayniqsa, mezbon – Kosonsoyning boy tabiiy imkoniyatlari va tog‘ turizmi salohiyati jadal yuksalayotganligini ta’kidladi.



Bunday xalqaro musobaqalar sportchilar mahoratini oshirish, ayniqsa, yoshlarni sportning texnik va amaliy turlariga keng jalb etish hamda yurtimizning motosportdagi mavqeini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Xalqaro motokross chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra, 65 sm³ sinfi bo‘yicha Jizzax viloyatidan Davron Kamolov, 85 sm³ sinfida Toshkent shahridan German Usov, “Xitoy” sinfi borasida qirg‘izistonlik Zamirbek uulu Amankeldi, “CHZ” sinfi bo‘yicha jizzaxlik Marsel Galiyev, 500 sm³ sinfida buxorolik Jasur Samatov, faxriylar sinfida poytaxtlik Nikolay Sharobayev, 750 sm³ sinfi (ekipajlar) bo‘yicha raqobatda Toshkent viloyati vakili Viktor Lavrov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tib, zafar nashidasini surishdi.


IV xalqaro motokross chempionatining g‘olib va sovrindorlari diplom, kubok hamda pul mablag‘lari bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA