“Odil sudlov–2030” strategiyasi: sud hokimiyatini modernizatsiya qilishning qiyosiy huquqiy tahlili
Huquqiy demokratik davlatning eng muhim belgilaridan biri — inson huquq va erkinliklarining sud orqali samarali va mustaqil himoya qilinishi hisoblanadi. O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aynan shu maqsadga qaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustda qabul qilingan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni mazkur islohotlarning mantiqiy davomi va sifat jihatidan yangi bosqichini boshlab berdi.
Prezident Farmoni bilan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasini 2026–2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlanib, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi doirasida erishiladigan asosiy maqsadlar belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, strategiya 57 ta vazifa, 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan 160 ta chora-tadbir va 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsadni qamrab oladi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib qoladi, taftish instansiyasining vakolatlari esa hududlararo sudlarga beriladi.
“Odil sudlov–2030” strategiyasining oltita ustuni
“Xalqchil sud” – sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini ta’minlash va jamiyatda sudga bo‘lgan mutlaq ishonchni qaror toptirish, sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirish. “Xalqchil sud” konsepsiyasining markazida aholining sudga bo‘lgan ishonch masalasi turadi. Sud tizimining xalqchilligi – fuqaro sudga murojaat qilganda uning shikoyati xolisona o‘z muddatida ko‘rib chiqilishi, protsessual huquqlari ta’minlanishi, sud qarorining tushunarli va asoslangan bo‘lishi, buzilgan huquqlarning amalda tiklanishi bilan o‘lchanadi. Shu sababli sudga ishonchni oshirishni alohida sotsiologik ko‘rsatkich emas, balki sud adolatining ijtimoiy legitimligini ifodalovchi muhim mezon sifatida qarash lozim.
“Adolat qo‘rg‘oni” – inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash. Sud mustaqilligi — strategiyaning institutsional poydevoridir. Sud hokimiyatining mustaqilligi nafaqat uning boshqa davlat organlaridan tashkiliy jihatdan mustaqilligi, balki sudyaning qaror qabul qilish jarayonida ma’muriy, siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa tashqi ta’sirlardan himoyalangan bo‘lishini ham anglatadi. Shu nuqtai nazardan, “Adolat qo‘rg‘oni” konsepsiyasi sud hokimiyatining ichki va tashqi mustaqilligini bir vaqtda ta’minlashni talab qiladi. Bunda sudyalarni tanlash va tayinlash, ularning ijtimoiy himoyasi, intizomiy javobgarligi, kasbiy baholanishi va sud ma’muriyati masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.
“Kafolatlangan adolat” – qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish. Odil sudlovning eng muhim natijasi — buzilgan huquqning tiklanishidir. Sud qarorining qabul qilinishi odil sudlov jarayonining yakuni emas. Aksincha, huquqiy nuqtai nazardan uning eng muhim natijasi qarorning amalda bajarilishidir. Sud qarori ijrosi ta’minlanmasa, fuqaroning huquqi amalda tiklanmaydi. Shu nuqtai nazardan sud qarorlari ijrosini takomillashtirish “Odil sudlov–2030” strategiyasining alohida ahamiyatga ega qismi hisoblanadi. 2026-yilgi Murojaatnomada ham majburiy ijroni takomillashtirish, muqobil mexanizmlarni joriy etish va ijro jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish vazifalari belgilangan. Xususan, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizini inson omilisiz amalga oshirish maqsadi qayd etilgan. Bu maqsad sud qarorlarini ijro etilishini inson huquqlarini himoya qilishning ajralmas qismi sifatida qarash zarurligini ko‘rsatadi.
“Adolat posbonlari” – xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirish. Sud islohotlarining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan sudya shaxsiga bog‘liq. Sudya nafaqat qonunni mukammal bilishi, balki mustaqil fikrlashi, inson huquqlariga hurmat bilan yondashishi, protsess ishtirokchilari bilan to‘g‘ri muloqot qilishi, axborot texnologiyalaridan foydalana olishi, korrupsiyaviy xavflarga nisbatan murosasiz bo‘lishi lozim. Shu bois yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirish lozim.
“Raqamli odil sudlov” – sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyatini yaratish. Strategiyaning eng innovatsion jihatlaridan biri — sud faoliyatini raqamlashtirishga kompleks yondashuvdir. Bu jarayon elektron hujjat aylanishi yoki onlayn sud majlislari bilan cheklanmasligi kerak.
“Xalqaro e’tirof” – inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish. Milliy sud tizimining xalqaro standartlarga uyg‘unlashuvi zamonaviy sud islohotining muhim mezoni hisoblanadi. Bunda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlar, sud mustaqilligi prinsiplari, odil sudlovning umume’tirof etilgan standartlari va xorijiy davlatlarning ilg‘or sud amaliyotini milliy huquq tizimiga joriy qilishda huquqiy tizimni tarixiy taraqqiyot bosqichlarida shakllanib kelgan milliy qonuniyatlarini inobatga olish muhimdir. Shuningdek, sud huquq sohasini modernizatsiya qilish uchun qabul strategik hujjatlardan ko‘zlangan maqsad ham mamlakatning xalqaro reytinglardagi imijini oshirib, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishdir.
Ma’lumot o‘rnida, “Jahon odil sudlovi” xalqaro tashkiloti Huquq ustuvorligi indeksining 2025-yilgi hisobotida O‘zbekiston 143 ta davlat orasida 81-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan 2 pog‘onaga yuqoriladi. Indeks tarkibidagi 8 ta baholash mezonidan 5 tasida mamlakatimiz ko‘rsatkichlari yaxshilangan, 1 tasida esa o‘zgarishsiz qolgan.
Mazkur reyting hukumat vakolatlarini cheklash, korrupsiyani jilovlash, ochiq hukumat, inson huquqlari, himoya va xavfsizlik, qonun nazorati, fuqarolik sudlovi, jinoiy sudlov darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida shakllantiriladi. Hisobotda O‘zbekiston yil davomida huquq ustuvorligi sohasida eng katta yutuqqa erishgan davlatlar qatorida alohida e’tirof etilgan. Bu esa mamlakatimizda adolatni ta’minlash va huquq-tartibotni mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar samarasidir.
“Odil sudlov–2030” strategiyasining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri — “Raqamli odil sudlov” dir.
Bu sohada Yevropa Komissiyasi tajribasi ayniqsa e’tiborga loyiq. Xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasini qiyosiy-huquqiy tahlil qiladigan bo‘lsak, jumladan Yevropa Komissiyasi tomonidan 2025-yil 20-noyabr kuni Bryusselda “Digital Justice 2030” dasturi qabul qilingan.
Dasturning asosiy maqsadi — 2030-yilga qadar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda sud-huquq tizimini keng ko‘lamda raqamlashtirish, sun’iy intellektdan samarali foydalanish va fuqarolarning odil sudlovdan raqamli vositalar orqali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir. Hujjat raqamlashtirishni odil sudlov tizimining samaradorligi, shaffofligi va qulayligini oshirishning muhim omili sifatida belgilaydi.
“Digital Justice 2030” doirasida quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan: sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini raqamlashtirish; asosiy sud-huquq xizmatlarini onlayn shaklga o‘tkazish; sud ishlarini yuritishda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish; sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash; fuqarolar va biznes sub’ektlarining odil sudlovdan onlayn foydalanish imkoniyatlarini oshirish; sudyalar, advokatlar va boshqa huquqshunoslarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish.
Dasturda sun’iy intellekt sud hujjatlarini tahlil qilish, katta hajmdagi huquqiy ma’lumotlarni izlash, nutqni matnga aylantirish va transkripsiya, tarjima, sud ishlari bo‘yicha ortiqcha ish yuklamasini kamaytirish kabi yo‘nalishlarda qo‘llanishi mumkin. Shu bilan birga sun’iy intellektdan foydalanish inson nazorati, ishonchlilik, xavfsizlik, shaffoflik va inson huquqlarini himoya qilish talablari bilan uyg‘unlashtirilishi lozim.
2030-yilga qadar huquqshunoslar uchun qonun hujjatlari va sud amaliyotiga onlayn kirish imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilash maqsad qilingan. Shuningdek, Legal Tech kompaniyalari uchun yetarli hajmdagi sud amaliyoti ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda.
Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarda sud tizimlarini raqamlashtirish darajasi bir xil emas. Shu sababli Komissiya davlatlar o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish, samarali raqamli vositalarni birgalikda qo‘llash, umumiy IT yechimlar va ma’lumot standartlaridan foydalanish, raqamlashtirish natijalarini muntazam monitoring qilish mexanizmlarini kuchaytirishni taklif qilmoqda. Raqamlashtirishda erishilgan natijalar asosan EU Justice Scoreboard orqali baholanadi. Raqamli sud tizimining barqaror ishlashi uchun axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikka alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, sudyalar, prokurorlar, advokatlar va boshqa sud-huquq sohasi mutaxassislarining raqamli kompetensiyalarini oshirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Shu maqsadda “Digital Justice 2030” bilan bir vaqtda 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan “European Judicial Training Strategy” ham qabul qilingan.
Ispaniya “Justicia 2030” strategik dasturi 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan asosiy maqsadi — adliyani fuqarolar uchun ochiq, samarali, raqamli, barqaror va qulay davlat xizmatiga aylantirish. “Justicia 2030” modeli – 3 maqsad, 9 dastur, 27 loyiha, 47 ta kichik loyihalardan iborat.
Dastur bo‘yicha har bir sud okrugida “Tribunal de Instancia” tashkil etish, unga mos sud ofisi (“Oficina Judicial”)ni shakllantirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘zgarishlar hududiy yaqinlik, raqamlashtirish va adliyadan teng foydalanishni kuchaytirishga qaratilgan.
“Justicia 2030”da raqamlashtirish alohida IT-loyiha emas, balki butun sud-huquq tizimini o‘zgartirishning asosiy instrumenti sifatida qaraladi. Raqamli sud loyihasi bo‘yicha elektron sud hujjatlarini yuritish, masofaviy protsessual harakatlarni amalga oshirish; idoralararo integratsiyalashgan ma’lumot almashinuvi; onlayn sud statistikasi va analitikasining yuritilishini takomillashtirish belgilangan. Dasturning muhim xususiyati “Sogobernanza”, ya’ni hamkorlikda boshqarish bo‘lib, “Justicia 2030” ko‘p sub’ektli institutsional transformatsiya modeli hisoblanadi.
Shu jihatdan Ispaniya tajribasining eng muhim tomoni — sudlarni nafaqat raqamlashtirish, balki sudda ish yuritish, sud protsessi, idoralararo integratsiyalashuvning bir vaqtning o‘zida transformatsiya qilishdir.
Estoniya “e-File” tizimi orqali sud ishlarini elektron shaklda boshlash, hujjat va shikoyatlarni yuborish, ish materiallaridan foydalanish hamda sud bilan elektron aloqani amalga oshirish mumkin. Yevropa “e-Justice Portal” ma’lumotlariga ko‘ra, Estoniyaning “e-File” tizimi fuqarolik, ma’muriy, jinoiy va huquqbuzarlik ishlarining muayyan jarayonlarini qamrab oladi. Elektron portal orqali sud hujjatlarini yuborish va qabul qilish, ish materiallaridan foydalanish, sud majlislari, protsessual muddatlar haqida ma’lumot olish imkoniyati mavjud.
Xorijiy davlatlar tajribasi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari qiyosiy tahliliga xulosa qiladigan bo‘lsak, zamonaviy sud modelining amaliyotga joriy etilishi natijasida fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini ta’minlashning samarali mexanizmi yaratilishiga, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshishiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga, shu jumladan Huquq ustuvorligi indeksining Jinoiy odil sudlov tarkibiy indikatorlaridagi mavqeini yaxshilashga yordam beradi.
D.Anvarova,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirobod tuman sudining tergov sudyasi.