Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtirgan muloqot maydoni
Samarqand shahrida “Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan BMT hamda mazkur tashkilot Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, Progressiv islohotlar markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi hamkorligida o‘tkazildi.
[gallery-31478]
Forum AQSH, Kanada, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlaridagi aql markazlaridan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimizdagi jamoat tuzilmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari – 200 nafarga yaqin mutaxassisni bir davraga jamladi.
Xalqaro anjumanning ochilish sessiyasida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori Azamat Pardayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl xonim, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Antti Karttunen, Oliy Majlis Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxo‘jayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova forumning maqsadi va undan kutilayotgan natijalar, bugungi kunda dunyo mamlakatlari, xususan Markaziy Osiyo davlatlaridagi demokratik rivojlanish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni tobora oshib borayotganini ta’kidladilar.
– Har yili Xalqaro demokratiya kuni doirasida demokratiyaning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari va dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratiladi, – dedi Azamat Pardayev. – 2026-yilda mazkur sana “Inson huquqlarini diqqat markaziga olib chiqish” mavzusi ostida o‘tkazilmoqda. Shundan kelib chiqib, bugungi forumda ham asosiy e’tibor fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlarini, xususan, xotin-qizlar va bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatiga qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda xorijiy mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, bugungi kunda jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, migratsiya jarayonlari, axborot makonida ishonchli axborotni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot hamda hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Bunday sharoitda demokratik taraqqiyotni ta’minlash, ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, aholining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini ta’minlash, inson manfaatlarini ilgari surish, aholi fikrini davlat organlariga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.
Shu ma’noda, zamonaviy demokratik taraqqiyot davlat boshqaruvi organlarining ochiq va hisobdor faoliyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbuskorligi hamda faol ishtiroki bilan uzviy bog‘liq.
– Demokratiya odamlarni tinglash, hisobdorlikni ta’minlash hamda fuqarolarga ularning hayotini belgilaydigan qarorlarni qabul qilish jarayonida haqiqiy ovoz va ishtirok imkoniyatini berish amaliyoti hisoblanadi, – deydi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Antti Karttunen. – YeXHT nuqtai nazaridan fuqarolik jamiyati xavfsizlikning ham muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xavfsizlik faqat nizolarning oldini olish emas, balki insonlar o‘zlarini tashvishga solayotgan masalalarni erkin ko‘tarishi, qarorlarda ishtirok etishi va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishi mumkin bo‘lgan jamiyatni barpo etishni ham anglatadi. Fuqarolar va davlat institutlari o‘rtasidagi ishonch, muloqot va jamiyatning turli qiyinchiliklarga bardoshliligi muhim ahamiyatga ega. Kuchli fuqarolik jamiyati davlatni zaiflashtirmaydi, aksincha, fuqarolar tajribasini davlat muassasalari faoliyatiga olib kirish, konstruktiv nazorat va hisobdorlikni ta’minlash hamda hukumatlarni xalq bilan doimiy aloqada bo‘lishga ko‘maklashish orqali uni mustahkamlaydi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, inson manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish borasida muayyan tajribalar shakllandi.
– Demokratik davlatni faqat qonunlar, institutlar yoki saylov tizimi bilan tasavvur qilib bo‘lmaydi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova. – Demokratiyaning hayotiyligi fuqarolarning erkin fikr bildirishi, davlat ishlarida ishtirok etishi, jamoat tashkilotlarining mustaqil tashabbusi va samarali jamoatchilik nazorati bilan belgilanadi. Fuqarolik jamiyati institutlari esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ko‘prikdir. Fuqarolik jamiyati institutlari mustaqil va ta’sirchan bo‘lishi uchun ularning huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Jamoatchilik nazorati aniq natija berishi, fuqarolar tashabbusi eshitilishi va jamoatchilik fikri qarorlar qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi lozim. Kuchli parlament ham jamiyatdagi turli qarash va manfaatlarni ifoda etib, fuqarolik jamiyati bilan doimiy muloqot qilishi kerak. Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning o‘ziga xos modellarini shakllantirmoqda. Biroq umumiy maqsadlar inson huquqlarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, davlat boshqaruvining ochiqligi va hisobdorligini oshirishdir. Faol fuqaro, ta’sirchan jamoatchilik va mas’uliyatli fuqarolik jamiyati demokratik taraqqiyotning muhim shartidir.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini mustahkamlash borasida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati alohida qayd etildi.
Xususan, “yashil” energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslardan oqilona foydalanish, Orolbo‘yidagi ekologik muammolar hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni kuchaytirish O‘zbekiston mintaqaviy siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, har bir mamlakatda mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirish o‘ziga xos tarixiy, milliy va institutsional xususiyatlarga ega. Bu esa mintaqada o‘zaro tajriba almashish, umumiy yondashuvlarni muhokama qilish va ilg‘or amaliyotlarni keng tatbiq etish uchun muhim asos yaratadi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini qiyosiy o‘rganish, demokratik taraqqiyotning umumiy tendensiyalarini aniqlash, mavjud masalalarni tahlil qilish va istiqbolli vazifalarni belgilash forum muhokamalarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Ochilish marosimidan so‘ng forum o‘z ishini “Xalqchil boshqaruv va ijtimoiy sheriklik: islohotlarni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari”, “Inson manfaatlari va farovonligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli”, “Yangi O‘zbekiston – Markaziy Osiyoda umumiy taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik drayveri” mavzulariga bag‘ishlangan uchta sessiyada davom ettirdi va bu sessiyalarda ellikka yaqin ma’ruza tinglandi.
Sessiyalar doirasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar va NNTlar tarmoqlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqada fuqarolik jamiyati institutlari uchun doimiy muloqot platformalarini rivojlantirish, ijtimoiy innovatsiyalar hamda samarali NNT amaliyotlarini ommalashtirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, Qozog‘istonning “Yermensay” jamoat birlashmasi rahbari Lyudmila Sengirbayeva mamlakatida mahalliy ijtimoiy muammolarni hal etishda “davlat – fuqarolik jamiyati – mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish” uch bosqichli modeli shakllanganini o‘rtoqlashdi.
Unda asosiy yondashuv an’anaviy ma’muriy boshqaruvdan fuqarolar va NNTlarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb etuvchi ishtirokchi boshqaruvga o‘tishga qaratilganini bildirildi. Ta’kidlashicha, bu hamkorlik Fuqarolik forumi, vazirlik va hokimliklar huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda jamoatchilik nazorati instituti orqali amalga oshiriladi. Jamoatchilik kengashlari tarkibining kamida 70 foizini jamoatchilik vakillari tashkil etishi fuqarolar ovozini qarorlarga olib kirishga xizmat qiladi.
Tojikistonning “Iqtidor” jamoatchilik tashkiloti boshqaruv Kengashi a’zosi Nodira Rahmonberdiyeva jamoatchilik monitoringini davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida e’tirof etdi. Xususan, jamoatchilik monitoringi davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida muammoni aniqlashdan tortib ma’lumot to‘plash, faktni tekshirish, tahlil, tavsiya, davlat bilan muloqot va tavsiyalar ijrosini qayta kuzatishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab olishi kerakligi haqidagi fikrni ilgari surdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, tadbirda ishtirok etgan xorijlik ekspertlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini takomillashtirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etdilar.
Forum global miqyosda demokratik institutlar oldida yangi chaqiriqlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilindi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari