Nizosiz ayrim talablar sudga murojaat qilmasdan, notarius orqali rasmiylashtirilib, ijroga qaratiladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
– Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada erkinlashtirish, sudlarda ish hajmini va ortiqcha byurokratiyani kamaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda notariat institutiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Qonun bilan Fuqarolik va Iqtisodiy protsessual kodekslariga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga nizosiz talablar bo‘yicha sud buyrug‘ini chiqarish doirasini qisqartirish, notariat faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish va notarial harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlarni maqbullashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati ustidan shikoyat qilinganda uning ijrosini yuqori instansiya sudida to‘xtatib turish mexanizmi takomillashtirilmoqda.
Yangi normalarga ko‘ra, qonunda belgilangan mezonlarga mos, BHMning ming baravarigacha bo‘lgan nizosiz talablar bo‘yicha notariusga murojaat qilish imkoniyati kengaymoqda. Bu orqali bunday talablarni sudga murojaat qilmasdan, notarius orqali rasmiylashtirish va ijroga qaratish mexanizmi soddalashtiriladi.

Notariuslar tomonidan rasmiylashtiriladigan QR-kodli ijro xatlarini elektron shaklda ijro organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati yaratiladi.
Bu hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etish bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turish asoslari aniqlashtirilmoqda.

Bunda ijroni to‘xtatib turishni so‘ragan shaxs bunday chora ko‘rilmasa, qaytarma ijroni qiyinlashtirishi yoki uni bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkinligini asoslashi lozim bo‘ladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun mazkur o‘zgartishlar sudlar ish yuklamasini kamaytirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining vaqti va xarajatlarini tejash, nizosiz talablarni tezkor rasmiylashtirish hamda ijro samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA